Jalolov yana “katta” gapirdi. Shov-shuvli matbuot anjumani (video)
Sport
−
16 noyabr 2023
26521Toshkent shahri mezbonlik qilayotgan Butunjahon boks ittifoqining 61-Konvensiyasi tobora o‘zining qizg‘in pallasiga kirib bormoqda. Tashkilotning yillik hisobot tadbirlari nihoyalab, 17 noyabr kuni “Humo arena”da o‘tkaziladigan profboks turniri bo‘yicha rasmiy tadbirlar boshlandi. Dastlab bokschilar ishtirokidagi matbuot anjumani o‘tkazildi. WBC prezidenti Maurisio Suleyman, afsonaviy amerikalik bokschi Evander Xolifild va O‘zbekiston Professional boks federatsiyasi vitse-prezidenti, WBC Konvensiyasida tashkilot oliy kengashi a’zosiga aylangan G‘ofur Rahimov ham matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Bokschilar bilan muloqotdan avval Mauriso Suleyman va G‘ofur Rahimov o‘zbek boksi afsonalari Rufat Risqiyev va Muhammadqodir Abdullayevni esdalik sovg‘alari bilan taqdirladi.
Xo‘sh, Jalolov o‘z xeyterlariga qanday salom yo‘llaydi? Profboksda uning munosib raqibi kim bo‘lishi mumkin?
Shuningdek, asosiy kardda jang qiladigan bir qator O‘zbekiston vakillari Qudratillo Abduqahhorov, Mirazizbek Mirzahalilov va Abdumalik Xalokov ham OAV savollariga javob berdi. Endi ular bugun bo‘lib o‘tadigan "face-to-face" marosimida qatnashadi va shundan keyin bor e’tiborini bo‘lajak jangga qaratadi.
Matbuot anjumani yakunlanib, hamma bokschilar OAVga intervyu berayotgan bir vaqtda biz O‘zbekistonning yetakchi sport jurnalistlaridan biri, sharhlovchi Davron Fayziyevning Konvensiya va o‘zbekistonlik bokschilar to‘g‘risidagi fikrlari bilan qiziqdik.
Xabaringiz bor, kelasi yilning 17 fevral kunida Saudiya Arabistonida bugungi kunda superog‘ir vazn toifasi qirollari ukrainalik Aleksandr Usik va britaniyalik Tayson Fyuri o‘rtasida 4 ta yo‘nalish kamari uchun dahshatli jang bo‘lib o‘tadi. Usik kechagina aynan mazkur jangning matbuot anjumanida qatnashish uchun, Toshkentdan Londonga uchdi. Fyuri esa jang o‘tkazgani hali ko‘p vaqt bo‘lmagani va Usikga qarshi rasmiy tadbirda ishtirok etishi boisidan Toshkentga kelmagandi. Fayziyev ikkala bokschining bo‘lajak jangi oldidan ularning imkoniyatini chamaladi.
Ha aytgancha, 17 noyabr kuni “Humo arena”da o‘tkaziladigan jang oqshomining asosiy mehmoni Mayk Tayson 16 noyabrga o‘tar kechasi Toshkentga yetib keldi. “Temir” Mayk judayam charchab kelgani bois, atigi bittagina savolimizga javob berdi. Biroz vaqt o‘tib, Tayson o‘nlab qo‘riqchilar nazoratida, katta olomon qurshovida mehmonxonaga yo‘l oldi. 17 noyabr kuni "Humo arena"da afsonaviy Tayson o‘zbekistonlik muxlislari bilan ko‘rishadi va o‘zbek bokschilari ishtirokidagi janglarni tomosha qiladi. Voqealar rivojini QALAMPIR.UZ'da kuzatishingiz mumkin.