“Almashtirib bo‘lmaydigan odamlar yo‘q”. Toshxo‘jayev “Salimboyvachcha” va “G‘ofurboy” haqida gapirdi
Sport
−
14 dekabr 2023
27449Joriy yilning 12-dekabr kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi (MOQ) raisi o‘rinbosari, Sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi, O‘zbekiston yaxshigina sport homiysi sifatida tanilgan Salim Abduvaliyevning qo‘lga olinganiga munosabat bildirdi.
“Sportni moliyalashtirish bilan bog‘liq ishlar nima bo‘lishi haqida bir narsa deyolmayman. Bir narsani aytishim mumkin, bizning Prezident bilan bu ishlar muammo bo‘lmaydi. Oddiy qilib aytganda topilmas, almashtirib bo‘lmaydigan odamlar yo‘q. Shu uchun moliyalashtiradiganlar topiladi”, deydi IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari.
Toshxo‘jayevga ko‘ra, Abduvaliyevning uyida tintuv o‘tkazilgan. Abduvaliyev uyida noqonuniy qurol saqlashi haqidagi ma’lumotlar anchadan buyon o‘rganilib kelingan.
“Salim Abduvaliyev uyida noqonuniy ravishda qurol saqlaganini bilgandan keyin uning uyida tintuv o‘tkazdik. Agar bu ma’lumot bizga kelib tushmaganida bormagan bo‘lar edik. Bu ma’lumot ham oylab, yillab o‘rganilgan”, deydi Toshxo‘jayev.
Shuningdek, IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari O‘zbekiston Professional boks federatsiyasi vitse-prezidenti G‘ofur Rahimovning qidiruvga berilgani haqidagi xabarlarga ham izoh berdi.
“Bugungi kunda G‘ofur Rahimov haqida hech qanday murojaat kelib tushmagan va u bilan bog‘liq hech qanday tergov harakatlari olib borilmayapti. Agar Rahimov bilan bog‘liq qandaydir ma’lumot bo‘lsa murojaat qilishingiz mumkin”, deya qo‘shimcha qildi Doniyor Toshxo‘jayev
LiveBarchasi