Qasamyodga shaxsiy xiyonatmi yoki tizimning muammosi?

Tahlil

So‘nggi kunlarda "ishdan bo‘shatildi" jumlasini ko‘p o‘qiganingiz, eshitganingiz aniq. Lavozimidan ozod qilinganlar orasida katta lavozim egalari borligi, ayniqsa "Toshkent xafsizligi ishonib topshirilganlar"ning ayrimlari jiddiy tanqidga uchragani bu kabi xabarlarning ommalashuviga xizmat qildi. 27 yanvar kuni Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Qo‘riqlash boshqarmasida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtdagi huquq-tartibot va nazorat organlari faoliyatini keskin tanqid qildi. Ko‘plarga chiqish eshigi ko‘rsatildi. Ammo bu haqida keyinroq. Hozir biz yaqin yillarda formasini yechishga majbur bo‘lgan sobiq xodimlar haqida gaplashamiz.

Har qanday davlatning barqarorligi odatda armiyasi, iqtisodiyoti va tashqi siyosat salohiyati bilan o‘lchanadi. Biroq, ushbu ustunlarni bir-biriga bog‘lab, jamiyat bilan hokimiyat o‘rtasida ishonch zanjirini yaratib turuvchi eng nozik va hal qiluvchi tizimlardan biri — ichki ishlar organlaridir. Ular qonun ustuvorligini ta’minlaydi, jamoat xavfsizligini saqlaydi va eng muhimi — davlat nomidan fuqaro bilan yuzma-yuz ishlaydi. Shu bois bu tizimdagi har qanday nosog‘lom holat faqat idoraviy muammo emas, balki jamiyat ishonchiga urulgan zarba deyish mumkin.

Bejizga xalq orasida “Onangni qozi ursa, dardingni kimga aytasan?”, degan og‘riqli ibora paydo bo‘lmagan. Agar adolatni ta’minlashi lozim bo‘lgan tizimning o‘z ichida adolat yemirilib borsa, fuqarolar “biz suyanadigan tayanch qayerda?”, degan savollar ichida qolishi isbot talab qilmaydigan haqiqat.

So‘nggi o‘n yil ichida O‘zbekiston jamoatchiligi ichki ishlar tizimida faoliyat olib borgan bir qator yuqori lavozimli mulozimlar atrofidagi jinoyat ishlari, mojarolar, tergovlar, hibslar va keskin muhokamalarga guvoh bo‘ldi. Ayrimlari sud hukmi bilan jazolandi, ayrimlari esa ayblovlar, xizmatdan chetlatishlar va jamoatchilik shubhalari markazida qoldi. Bu jarayonlar alohida shaxslar muammosimi yoki tizimli kasallik alomati? Asosiy savol ham mana shu.

Adham Ahmadboyev, Po‘lat Shamshetov, Doniyor Toshxo‘jayev, Ahrorjon Adhamov, Bekmurod Abdullayev, Rustam Tursunov… bu kabi ismlar turli davrlarda ichki ishlar tizimida muhim lavozimlar egasi siftida ko‘rsatilgan. Bugun bu familiyalar bir xil ma’noda emas, lekin bir xil savol bilan tilga olinadi – vakolat va mas’uliyat o‘rtasidagi chiziq qayerda bosib o‘tildi?

Baxtiqaro vazir

Batafsil ma’lumot berishni 2013 yil 13 dekabrdan 2017 yil 4 yanvargacha Ichki ishlar vaziri lavozimida ishlagan Adham Ahmadboyevdan boshlasak. Ahmadboyev nomi ichki ishlar tizimida alohida bir davrni eslatadi. U zamonaviy O‘zbekiston tarixida Prezident tarafidan xiyonatda ayblangan yagona Ichki ishlar vaziri. O‘zbekistonning uchinchi va qamoqqa olingan birinchi ichki ishlar vaziri Adham Ahmadboyev 1964 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ichki ishlar idoralaridagi faoliyatini 1984 yilda Toshkent shahar Shayxontohur tumani militsiyasida uchastka noziri lavozimidan boshlagan. Vazirlikka 2013 yilning dekabridan 2017 yilning yanvarigacha rahbarlik qilgan. Keyin prezidentning huquq-tartibot organlari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga o‘tkaziladi.

Sobiq vazir 2018 yil 9 fevralda qamoqqa olingan. Uning keyingi taqdiri jamoatchilikka noma’lum.

Tergovdagi qotilliklar

2020 yilda Qashqadaryoning Chiroqchi tumanida 5 nafar xodimga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. Ular o‘sha yilning 23 yanvarida chorva mollarini o‘g‘irlashda gumon qilinib qo‘lga olingan fuqaroga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish kabi jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan. Sobiq xodimlardan 4 nafari 5 yilu 6 oydan 9 yilgacha qamoqqa hukm qilingandi. Sudlanuvchilarning 1 nafariga esa 2 yil ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 4 yil ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan.

Aynan shu 2020 yilda Andijonda ham qiynoqlar sabab o‘lim holati kuzatilgan. Andijon shahridagi 4-sonli ichki ishlar bo‘limiga olib kelingan fuqaro noqonuniy ushlab turilgani, unga nisbatan qiynoqlar ishlatilgani erkak vafot etganidan keyin ochilgan tergov jarayonida isbotlangan. Bir nechta xodim tomonidan amalga oshirilgan qiynoq, urish va ruhiy bosim oqibatida 11 iyun kuni fuqaro vafot etgan. Uning o‘limiga sababchi bo‘lgan 3 nafar xodim qamoqqa olingan, 5 ta katta lavozimdagi shaxs ishdan bo‘shatilgan va 19 kishi jazolangandi.

Nukusdagi isyonlar soyasida… 

2022 yil 1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida sodir bo‘lgan ommaviy tartibsizliklar mamlakatning eng og‘riqli sahifalaridan biriga aylandi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha kunlari 21 kishi halok bo‘ldi, 205 nafar fuqaro turli darajada jarohat oldi, 516 kishi hibsga olindi. Hibsga olinganlar orasida Qoraqalpog‘iston ichki ishlar vazirligi Jinoyat qidiruv boshqarmasi bo‘limining sobiq boshlig‘i Po‘lat Shamshetov ham bor edi. Uning ismi Nukus voqealari bilan birga tilga olinib, qisqa vaqt ichida eng bahsli figuraga aylandi.

Sud Shamshetovni Jinoyat kodeksining 244-moddasi 3-qismi bilan aybli deb topdi. U “odamlarni ommaviy tartibsizliklarga jalb qilgan va ularning faol ishtirokchisi bo‘lgan”likda ayblandi. Unga 6 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi, shuningdek, 3 yil davomida mansabdorlik lavozimlarida va ichki ishlar tizimida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Eng og‘ir nuqta esa keyinroq yuz berdi. 2023 yil 4 fevral kuni Shamshetov jazoni o‘tayotgan paytda, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentiga qarashli 4-sonli tergov hibsxonasida to‘satdan vafot etdi.

Rasmiy bayonotlarda hodisa joyi Buxoro viloyati prokurori rahbarligidagi tezkor-tergov guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilgani, sud-tibbiy ekspertlar, ichki ishlar rahbariyati, xolislar, Ombudsmanning hududiy vakili, advokat va marhumning yaqinlari ishtirok etgani ta’kidlandi.

Bir tomonda davlat xavfsizligi va konstitutsiyaviy tuzum, boshqa tomonda esa mansab, mas’uliyat va javobgarlik turibdi. Po‘lat Shamshetovning hayoti va o‘limi shu ikki chiziq kesishgan nuqtada qolib ketdi.

Mahkumni o‘ldirgan 12 xodim

2023 yilning iyun oyida Andijonda mahkumni kaltaklab o‘ldirgan 12 nafar IIO xodimi ham jazolangan edi. Sud hukmi bo‘yicha holatni qisman eslatamiz. 2022 yil 19 mart kuni Andijon viloyatining Shahrixon tumanida yashovchi 32 yoshli Sanjarbek Mamajonov sud tomonidan axloq tuzatish ishlari jazosi ozodlikdan mahrum qilish bilan almashtirilishi munosabati bilan IIB tergov hibsxonasiga olib ketilgan. Tergov hibsxonasida u 12 nafar xodim tomonidan qiynoqqa solingan va qattiq kaltaklangan.

Buning oqibatida hayoti uchun xavfli jarohatlar olgan mahbusga tibbiy yordam ko‘rsatish o‘rniga, u tergov hibsxonasining 32-kamerasiga joylashtirildi. Og‘riqdan aziyat chekayotgan erkak boshqa bir mahbus Jasurbek Usmonov tomonidan ham kaltaklangan. Ushbu voqeadan taxminan uch yarim soat o‘tgach, Mamajonovning biologik o‘limi qayd etilgan.

Sudda 12 xodimning aybi rad etib bo‘lmaydigan dalillar va guvohlarning ko‘rsatmalari bilan tasdiqlangan. Sud hukmiga ko‘ra, Ichki ishlar departamenti 3-sonli tergov hibsxonasi boshlig‘ining yordamchisi, hibsxona tartibini saqlash bo‘limi katta inspektori, korpus boshlig‘i,  Tartibni ta’minlash bo‘limi katta nazoratchisi, Qonun va tartibni saqlash bo‘limi katta nazoratchisi va Huquqni muhofaza qilish bo‘limi katta nazoratchisi, umumiy hisobda 6 ta xodim 4 yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosini olgan. O‘limga qisman aloqador deb topilgan yana 6 nafar xodim 3 yilga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan.

O‘xshamagan suiqasd ortidan qulash…

2025 yilning 26 oktyabr kuni soat 01:40 larda Range Rover rusumli avtomashina Qibray tumani, Ifor ko‘chasi bo‘ylab harakatlangan vaqtida 2 nafar noma’lum shaxslar mazkur avtomashinaga o‘qotar quroldan bir necha marotaba o‘q uzib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining AQSHdagi vakili Komil Allamjonovga suiqasd uyushtirishga uringan va noma’lum tomonga yashiringan. Ushbu holatda biror-bir shaxs tan jarohati olmagan.

Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 25, 97 (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) hamda 248 (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Bosh prokuratura, Toshkent viloyati, Toshkent shahar, Harbiy, Transport prokuraturalari hamda IIV, viloyat, Toshkent shahar IIBB, Bojxona qo‘mitasi xodimlaridan iborat tarkibda tergov-tezkor guruhi tuzilgan.

Prezident Administratsiyasi mulozimi darajasidagi odamga suiqasd O‘zbekistonning yaqin 25-30 yillik tarixida ko‘zga ko‘rinmagan, quloq eshitmagan holat bo‘ldi. Bu ish ko‘pchilikda xavotir ham uyg‘otdi. 2019 yildan beri O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi sifatida ishlab kelayotgan, general-leytenant Abdusalom Azizov, IIV Tezkor qidiruv departamenti Jinoyat qidiruv xizmati boshlig‘i, polkovnik Ahrorjon Atxamov, Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, polkovnik Doniyor Baxtiyorovich Toshxo‘jayev, Toshkent shahar IIBB Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Temur Akramovich Sobirov, Davlat xavfsizlik xizmatining Ichki xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan, polkovnik Alijon G‘aniyevich Ashurov, O‘zbekiston Bosh vazirining yordamchisi – Bosh vazir qabulxonasining mudiri vazifasida ishlab kelayotgan Sarvar G‘aniyevich Ashurovlarning lavozimidan ozod qilinishi aynan administratsiya mulozimi Komil Allamjonovga nisbatan uyushtirilgan suiqasd va bu ishning tergovi fonida sodir bo‘ldi.

2025 yilning 12 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudida mamlakatdagi eng shov-shuvli voqealardan biri – Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasdga oid jinoyat ishi doirasida 10 nafar shaxs, xususan, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining sobiq birinchi o‘rinbosari, polkovnik Doniyor Baxtiyorovich Toshxo‘jayev 7 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. U ishdan ketganidan bir hafta o‘tib, dekabr oyi boshida qo‘lga olingan edi.

Doniyor Toshxo‘jayev 2023 yilning avgust oyidan e’tiboran IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

2022 yil fevral oyida Toshkent viloyati IIB Tergov boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari etib tayinlangan. Ungacha esa 2020 yil yanvaridan Farg‘ona viloyati IIBga rahbarlik qilgan.

Doniyor Toshxo‘jayev 2019-2020 yillarda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – IIV Tergov boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan. Bungacha u Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining o‘rinbosari – Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i, avvalroq – IIBB boshlig‘i o‘rinbosari – Tergov boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

Mazkur ish doirasida IIVning yana ikki mansabdori — IIV Tezkor qidiruv departamenti Jinoyat qidiruv xizmati boshlig‘i Ahrorjon Adhamov hamda Toshkent shahar IIBB Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i Timur Sobirov ham ishdan olindi.

Mana endi yaqin kunlarning shov-shuvli xabarlariga yetib keldik. 2026 yilning 27 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Qo‘riqlash boshqarmasida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Ichki ishlar vazirligi tizimida davlat xaridlarida 186 milliard so‘m byudjet mablag‘i o‘zlashtirilgani aniqlanib, vazir o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev va departament boshlig‘i Rustam Tursunovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘ldi. Unda umuman, davlat idoralari va korxonalarida xavfsizlik uchun mas’ullar faoliyatini ham tanqidiy qayta ko‘rib chiqish vaqti kelgani qayd etilgan.

“Bizga yuqori kasbiy kompetensiyalarga ega, talabchan yosh rahbarlar korpusi kerak”, degan Prezident.

Qolaversa, qisqa muddatda byudjetga tushum, talon-toroj, moliyaviy kamchiliklar bo‘yicha 53 trillion so‘m va tashqi savdo operatsiyalarida 8 milliard dollardan ortiq qarzdorlik aniqlangani o‘ta ayanchli holat ekani qayd etilgan. Korrupsiyaviy sxemalar bo‘yicha 4,2 trillion so‘m zarar aniqlanib, 1,3 trillion so‘mi undirilgan va 55 nafar shaxs qamoqqa olingan.

Bu yerda gap faqat shaxsiy boylik yoki mansabga talpinish haqida emas. Bu  o‘zini qonundan ustun qo‘yish, davlat vakolatini shaxsiy ustuvorlik deb qabul qilish, “men bo‘lmasam tizim ishlamaydi” degan xato va xavfli illyuziya haqida. Aslida esa bunday illyuziya tizimni emas, avvalo jamiyatning davlatga bo‘lgan ishonchini yemirib boradi.

Ichki ishlar tizimiga kirib kelayotgan yosh ofitserlarning aksariyati xizmatni pok niyat bilan boshlaydi: adolatni tiklash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, odamlar tinchligini ta’minlash. Ammo, vaqt o‘tishi, lavozimlar o‘sishi bilan birga mas’uliyatdan ko‘ra imtiyoz ustun kela boshlasa, oyoqlar ham yerdan uziladi. Muammo shundaki, osmonlashgan orzular egasi ba’zan yerdagi odamlarni ko‘rmay qo‘yadi.

Shuning uchun tizimni isloh qilish faqat ayrim shaxslarni jazolash bilan cheklanmasligi kerak. Asosiy vazifa — vakolat va javobgarlik o‘rtasidagi muvozanatni tiklash, xizmat madaniyatini o‘zgartirish va “mansab” emas, “ishonch”ni asosiy qadriyatga aylantirishdir. Chunki tizim qonun bilan emas, unga ishongan odamlar bilan mustahkam turadi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Prezident Shavkat Mirziyoev Doniyor Toshxo'jaev suiqasd Tergov Bekmurod Abdullaev Qasamyod Rustam Tursunov hiyonat tizimning muammosi Adham Ahmadboev Po'lat Shamshetov qotilliklar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing