Karimovga suiqasd qilganlardan biri afv etilib, ozodlikka chiqdi
Jamiyat
−
06 fevral 2020
63089O‘rta avlod vakillari 1999 yilning 16 fevralini yaxshi eslaydi. Toshkent osmoni qora tutunlar bilan to‘lgan o‘sha mudhish kunda mamlakatdagi eng yirik qo‘poruvchilik harakatlari amalga oshirilgan edi. O‘zbekistonning tashqi va ichki siyosatida, xavfsizlik xizmatidan tortib, eng kichik idoralar faoliyatida ham tub burilish yasagan ushbu hodisa nafaqat mamlakatning konstitutsiyaviy hokimiyatini ag‘darishga harakat, balki shaxsan Birinchi Prezident Islom Karimovga qaratilgan suiqasd edi.
Shu voqeadan keyin Jinoyat kodeksining 159-moddasi, ya’ni O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilishda ayblangan Abdusattor Qodirov uzoq yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Toshkentning Shayxontohur tumanidan bo‘lgan Abdusattor Qodirov dinni o‘rganish maqsadida qo‘shilgan guruh fitnakorlar to‘dasi ekanini chuqur anglamay turib, ularning buyruqlarini bajarishga kirishdi. Dinga da’vatlar bilan boshlangan “varaqa”larda mavjud tuzumni ag‘darish g‘oyasi aks etganini 22 yoshli kosib yigit tushunishi dargumon edi. Chunki uning na diniy, na siyosiy bilimi yo‘q edi. Shunday varaqani tarqatayotganda ushlangan bu yigitning taqdiriga esa qora chiziq tortildi.
Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 5 fevral kuni “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi. Ushbu farmonga asosan Abdusattor Qodirov ham ozodlikka chiqdi, deb yozmoqda O‘zA.
“Ushlangan paytlarim o‘zimni qandaydir maqsadni amalga oshirgan qahramondek his etganman. Ammo qilmishimning naqadar soxta va keraksizligini hech qancha o‘tmay anglab yetdim. Sud jarayonlarida ota-onam, ayolim ko‘zidan to‘kilgan achchiq yoshlar oldida o‘sha varaqalar bir pulga ham arzimasligini angladim. Ammo endi kech va jazo olishim muqarrar edi. Umumiy hisobda 21 yilga hukm etilib, 20 yil zonada bo‘ldim. Panjaralar ortida nafaqat yigit umrim, balki ota-onamning men bilan bog‘liq umidi, ayolimning orzu-havasi, bolalarimning ota mehriga bo‘lgan talpinishi, sog‘inchi qurbon bo‘ldi. Shu yillar ichida go‘yoki ular men bilan birga zonada “o‘tirdi”, nazarimda”, deydi Qodirov.
Ma’lumot o‘rnida, Prezident farmoni bilan afv etilgan 58 kishidan 41 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 3 nafariga tayinlangan jazo yengilroq jazo bilan almashtirildi. Bir so‘z bilan aytganda, 44 nafar shaxs jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilindi. Shuningdek, 14 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartiriladi. Afv etilganlarning 2 nafarini ayollar tashkil etdi.
LiveBarchasi