Zokirjon Almatov Islom Karimovga uyushtirilgan suiqasdni xotirladi
Jamiyat
−
20 mart 2019
46003Xabaringiz bor, joriy yilning, 18 mart kuni QALAMPIR.UZ tomonidan 1991-2006 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri sifatida faoliyat yuritgan, ayni damdagi Ichki ishlar vaziri maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatovich Almatov bilan eksklyuziv intervyu taqdim etilgan edi.
Zokirjon Almatovich mazkur intervyuda mustaqil O‘zbekiston tarixidagi eng yirik qo‘poruvchilik harakatlari – 1999 yil 16 fevral voqealarini yodga oldi.
Toshkent osmonini qora tutun qoplagan o‘sha mudhish kundagi terrorchilik harakatlari faqatgina mamlakatning konstitutsiyaviy tuzumiga qarshi harakat emas, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovga suiqasd ham edi.
Shu kuni poytaxt Toshkentning turli hududlarida, jumladan Mustaqillik maydoni, Ichki ishlar vazirligi va Milliy bank binolari yonida 6 ta kuchli portlashlar yuz bergan. Ularda 16 nafar kishi qurbon bo‘lgan, 100 dan ortiq odam jarohatlangan.
Zokirjon Almatov 16 fevral voqealarini eslarkan, bunday qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirish uchun aqlli bo‘lish shartmasligini aytib o‘tdi.
“Bilasizmi, terroristik harakatlarni sodir etish uchun juda katta aqlning keragi yo‘q. Yo beliga bomba bog‘lab o‘zini shahid qiladi yoki... Insonning ongini shunchalar zaharlashadiki o‘z xalqiga qurol ko‘taradi, qo‘poruvchilik natijasida ziyon yetkazadi”, deydi Zokirjon Almatov.
O‘z so‘zida davom etib, o‘qib mulla bo‘lmagan yoki sport bilan shug‘ullanmagan, xarakteri ojiz, zaif, irodasiz insonlar terrorchilar safiga qo‘shilib, xalqiga qarshi qurol ko‘tarishini aytib o‘tdi.
“1999 yillarda sodir etilgan 16 fevral voqeasiga kelsak, xo‘sh, bu kimlar tomonidan sodir etildi? Andijon, Namangan yana boshqa 1-2 viloyatlardan chiqqan yigitlarimiz Chechenistonga borib qolishgan. Ana o‘sha yerdagi urushda qatnashib, arab fuqarosi bo‘lgan Xattab degan terrorchining qo‘liga tushib qolishadi. Shuni tarbiyasini olib, lagerda tayyorgarlikdan o‘tib, maxsus bir portlovchi moddalar bilan ishlashni o‘rganib, O‘zbekistonga kelib, terrorchilik harakatlarini sodir etishgan. Kutilmagan paytda, kutilmagan ahvolda sodir bo‘lgan. Ularning asosiy maqsadi O‘zbekiston Prezidentiga suiqasd o‘tkazish, xalqni ichida notinchlik yuzaga keltirish va yana boshqa salbiy oqibatlarga olib kelish edi. Qaysi o‘zbek o‘z xalqiga xiyonat qilib, qonini to‘kadi?”, deydi Almatov.
Zokirjon Almatovning ta’kidlashicha, o‘sha paytda bu voqea Hukumatni dovdiratib qo‘ymagan. Shu kunning o‘zida maxsus reja bilan ish boshlangan. Xalqqa hamma narsa adolatli yetkazilgan va mudhish jinoyatni kimlar sodir etishi mumkinligi aytilgan.
“Oliy Majlisda bo‘lgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari buni xalqqa e’lon qildi. Jinoyatlar qaysi ekstremistik tashkilot tomonidan sodir etilishini izohlab berdi. Ana shu paytda qayerdan bo‘lsa ham jinoyatni sodir etgan jinoyatchilarni topib, zararsizlantirish, O‘zbekistonga olib kelish masalasi bizning oldimizga qat’iy vazifa qilib qo‘yildi. Qisqa vaqtda ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli biz jinoyatchilarning iziga tushdik”, deydi sobiq vazir Zokirjon Almatov.
16 voqealari o‘sha davr mutasaddilari xotirasida o‘chmas tamg‘a bo‘lib qolgani tabiiy. Zokirjon Almatov davlat rahbarilan juda katta tanbeh eshitganini xotirladi.
“Davlat rahbaridan juda katta tanbeh eshitdik. Bu holat xalqimiz orasida norozilikka sabab bo‘ldi. Ichki ishlar idoralari xodimlari qayoqqa qaradi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, maxfiy xizmat qayoqda edi, degan har xil salbiy gaplarni, iddaolarni eshitdik. Agar biz o‘sha paytda dovdirab, vaziyatni izdan chiqarib yuborsak, to‘g‘ri kelmas edi. Operativ ma’lumotlarga ega bo‘lmaganligimiz oqibatida shu voqealar sodir bo‘ldi. Xalqimizning qoni to‘kildi. Iqtisodiy zarar yetkazildi.
Biz aybni o‘z bo‘ynimizga oldik. Lekin undan keyin bunday voqealar boshqa takrorlanmasligi uchun men juda katta yig‘ilishda, O‘zbekiston televideniyesida, Oliy Majlisda xalqimizga uzrimni ham aytib o‘tdim. Xalqimiz bizga ishondi. Jinoyatchilar fosh etildi. Ko‘pchiligi Turkiya, Rossiya, Qozog‘istan davlatlaridan Toshkentga olib kelindi. Ularning hammasi jinoiy javobgarlikka tortildi”, deb aytib o‘tdi Zokirjon Almatov.
Mazkur intervyuni to‘liq shaklda quyida yoki YouTube va Mover’dagi sahifalarimizda ko‘rishingiz mumkin.
To‘liq intervyuni quyida tomosha qiling