Islom Karimovga suiqasd uyushtirilgan kun
Tahlil
−
16 fevral
16425Har bir davlatning yaxshi yoki yomon tarixi bor. O‘zbek xalqi ham o‘z tarixini, mamlakatda bo‘lib o‘tgan turli voqealarni unutmaydi. O‘rta avlod vakillari 1999 yilning 16 fevralini yaxshi eslaydi. Toshkent osmoni qora tutunlar bilan to‘lgan o‘sha mudhish kunda mamlakatdagi eng yirik qo‘poruvchilik harakatlari amalga oshirilgan edi. O‘zbekistonning tashqi va ichki siyosatida, xavfsizlik xizmatidan tortib, eng kichik idoralar faoliyatida ham tub burilish yasagan ushbu hodisa nafaqat mamlakatning konstitutsiyaviy hokimiyatini ag‘darishga harakat, balki shaxsan Birinchi Prezident Islom Karimovga qaratilgan suiqasd edi.
Ilk va eng katta kuchga ega portlash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi binosi yonida soat 10 dan 55 daqiqa o‘tganda sodir etildi. O‘sha kuni Hukumatning 1998 yildagi faoliyati hisobotiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tishi va unda davlat rahbari Islom Karimov ishtirok etishi rejalashtirilgandi. O‘sha vaqtda Prezident matbuot kotibi va Oliy Majlis deputati bo‘lgan Azamat Ziyo bu voqealarni shunday eslaydi:
“Taxminan 09:45 larda avtomatdan otilgan o‘q ovozini eshitib qoldik. Keyin men Prezident soqchilarining biridan Prezident kelgan, kelmaganini so‘radim. Soqchi Prezident deyarli kelib bo‘lganini aytdi. Men pastga qarab yugurdim. Shunda 3-qavatlarga yetganimda judayam kuchli portlash sodir bo‘ldi”, deydi Azamat Ziyo.
Bu portlashlardan keyin xavfsizlikni saqlash idoralari, ichki ishlar va o‘t o‘chirish xizmatlari voqea joylariga yetib kelishdi va o‘z burchlarini ado etishga kirishgan. Soat 12:57 da O‘zbekiston televideniyesining “Axborot” dasturida portlash sodir bo‘lgani haqida e’lon qilindi.
Portlashdan so‘ng, surishtiruv ishlariga bosh bo‘lgan o‘sha vaqtdagi Ichki ishlar vaziri Zokirjon Almatov ham bu voqealarni unutgani yo‘q. U o‘zining “Ortda qolgan tahlikali kunlar” nomli kitobida shunday yozadi:
“Vazirlar Mahkamasi binosi yonida sodir etilgan portlash shahardagi “Nodirabegim” kinoteatri, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, Ichki ishlar vazirligi binolari oldida ham yuz berdi. Portlashlar oqibatida 13 kishi halok bo‘ldi, 128 nafarga yaqin odam turli darajada tan jarohati oldi. Ulardan, 83 nafari shifoxonalarga o‘tkazildi. Bir nechta avtomashina yonib ketdi. Jabrlanganlarning deyarli barchasi tinch aholi vakillari edi.
Bu xunrezlik ortidagi eng asosiy maqsadlardan biri mamlakatimiz prezidenti Islom Karimovning hayotiga tajovuz qilishdan iborat edi. Chunki portlashlar asosan Prezident korteji o‘tadigan yo‘llarda, Vazirlar Mahkamasi binosiga kiraverishda portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan turli rusumdagi 6 ta avtomashinani portlatish orqali amalga oshirildi”, deb yozadi sobiq ichki ishlar vaziri.
Voqea haqidagi xotiralarini davom ettirarkan Azamat Ziyo shunday deydi:
“Prezident orqaga qaytib ketdi deganlaridan keyin men Prezident Devoniga qarab ketdim. Eng qizig‘i, Prezident kabinetidagi xonalar hammasi zirhlangan oynalardan iborat edi. Ular taram-taram bo‘lib ketgandi. O‘sha ahvolni ko‘rgandan keyin men Islom akaga boshqa xavfsizroq joyga o‘tasizmi, balki, desam u kishi sen bu gapni bir marta menga gapirding, boshqa gapirmagin dedilar.
Bu nafaqat menga qaratilgan, balki eng avvalo, xalqimizga, davlatimizga va mustaqilligimizga qarshi qaratilgan xurujdir, dedi. U kishi har qanday sharoitda, nima bo‘lmasin o‘z hayot prinsiplaridan voz kechmasligini aytib, voqea joylariga ketdi”, deydi Azamat Ziyo.
Hali terrorchilik harakatlari davom etayotgan, Toshkentning bir nechta nuqtalarida portlash ovozi kelib turgan paytda Prezident Islom Karimov voqea joyiga borib, vaziyat va u yerdagilarning ahvoli bilan tanishgan. Prezident intervyu berayotgan vaqtda ham orqa tomondan yana bir portlash sodir etilgan.
“Mana shu binoda shikastlangan, kerak bo‘lsa yarador bo‘lganlar bilan gaplashib bularning oldini olish kerak. Xalqimizga, aholimizga mana shu yerdan turib murojaat qilmoqchiman, vahima bo‘lmasin.
Agar menga yordam bermoqchi bo‘lsangiz, vahima bo‘lmasin. Kuchimiz yetadi. Bularning hammasini, aytaylik, joy-joyiga qo‘yish, kerak bo‘lsa, bu muttahamlarni nafaqat joyiga qo‘yish, qo‘lini kesib tashlashga ham qurbimiz yetadi, kuchimiz yetadi. Xalqimiz shuni bilsin”, degan edi Islom Karimov.
16 fevral kuni Vazirlar Mahkamasining yillik majlisi bo‘lishi kerak edi. Qo‘poruvchilik harakatlari sabab bu majlis soat 13:00 da Oliy Majlis binosida bo‘ldi. Unda Prezident Islom Karimov qatnashdi.
Toshkentda sodir bo‘lgan holat haqida butun dunyo xabar topdi. Kunlik xabarlarda jurnalistlar O‘zbekiston poytaxtida sodir bo‘lgan voqealar haqida gapira boshladi. O‘sha vaqtdagi ichki ishlar vaziri Zokirjon Almatov bu voqealar haqida yozar ekan. Shu kunning o‘zidayoq bir nechta mamlakat rahbarlari Prezident Islom Karimovga hamdardlik maktublari yo‘llaganini aytadi.
Portlash oqibatida bevaqt halok bo‘lgan yurtdoshlarimizning oila a’zolariga hamdardlik bildirib, qurbonlar xotirasiga hurmat bajo keltirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999 yil 17 fevraldagi Farmoniga binoan, 1999 yil 18 fevral mamlakatimizda Motam kuni deb e’lon qilindi.
1999 yil 16 fevral voqealarini hozirgidek eslaydigan Zokirjon Almatov QALAMPIR.UZ'ga bergan intervyusida shunday deydi:
“Bilasizmi, terroristik harakatlarni sodir etish uchun juda katta aqlning keragi yo‘q. Yo beliga bomba bog‘lab o‘zini shahid qiladi yoki... Insonning ongini shunchalar zaharlashadiki, o‘z xalqiga qurol ko‘taradi, qo‘poruvchilik natijasida ziyon yetkazadi”, deydi Zokirjon Almatov.
O‘z so‘zida davom etib, o‘qib mulla bo‘lmagan yoki sport bilan shug‘ullanmagan, xarakteri ojiz, zaif, irodasiz insonlar terrorchilar safiga qo‘shilib, xalqiga qarshi qurol ko‘tarishini aytadi:
"1999 yillarda sodir etilgan 16 fevral voqeasiga kelsak, xo‘sh, bu kimlar tomonidan sodir etildi? Andijon, Namangan yana boshqa 1-2 viloyatlardan chiqqan yigitlarimiz Chechenistonga borib qolishgan. Ana o‘sha yerdagi urushda qatnashib, arab fuqarosi bo‘lgan Xattob degan terrorchining qo‘liga tushib qolishadi. Shuni tarbiyasini olib, lagerda tayyorgarlikdan o‘tib, maxsus portlovchi moddalar bilan ishlashni o‘rganib, O‘zbekistonga kelib, terrorchilik harakatlarini sodir etishgan. Kutilmagan paytda, kutilmagan ahvolda sodir bo‘lgan. Ularning asosiy maqsadi O‘zbekiston Prezidentiga suiqasd o‘tkazish, xalqni ichida notinchlik yuzaga keltirish va yana boshqa salbiy oqibatlarga olib kelish edi. Qaysi o‘zbek o‘z xalqiga xiyonat qilib, qonini to‘kadi?" deydi Almatov.
Zokirjon Almatovning ta’kidlashicha, o‘sha paytda bu voqea Hukumatni dovdiratib qo‘ymagan. Shu kunning o‘zida maxsus reja bilan ish boshlangan. Xalqqa hamma narsa adolatli yetkazilgan va mudhish jinoyatni kimlar sodir etishi mumkinligi aytilgan.
“Oliy Majlisda bo‘lgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari buni xalqqa e’lon qildi. Jinoyatlar qaysi ekstremistik tashkilot tomonidan sodir etilishini izohlab berdi. Ana shu paytda qayerdan bo‘lsa ham jinoyatni sodir etgan jinoyatchilarni topib, zararsizlantirish, O‘zbekistonga olib kelish masalasi bizning oldimizga qat’iy vazifa qilib qo‘yildi. Qisqa vaqtda ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli biz jinoyatchilarning iziga tushdik”, deydi sobiq vazir Zokirjon Almatov.
16 fevral voqealari o‘sha davr mutasaddilari xotirasida o‘chmas tamg‘a bo‘lib qolgani tabiiy. Zokirjon Almatov davlat rahbaridan juda katta tanbeh eshitganini xotirladi.
“Davlat rahbaridan juda qattiq tanbeh eshitdik. Bu holat Xalqimiz orasida norozilikka sabab bo‘ldi. Ichki ishlar idoralari xodimlari qayoqqa qaradi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, maxfiy xizmat qayoqda edi, degan har xil salbiy gaplarni, iddaolarni eshitdik. Agar biz o‘sha paytda dovdirab, vaziyatni izdan chiqarib yuborsak, to‘g‘ri kelmas edi. Operativ ma’lumotlarga ega bo‘lmaganligimiz oqibatida shu voqealar sodir bo‘ldi. Xalqimizning qoni to‘kildi. Iqtisodiy zarar yetkazildi.
Biz aybni o‘z bo‘ynimizga oldik. Lekin undan keyin bunday voqealar boshqa takrorlanmasligi uchun men juda katta yig‘ilishda, O‘zbekiston televideniyesida, Oliy Majlisda xalqimizga uzrimni ham aytib o‘tdim. Xalqimiz bizga ishondi. Jinoyatchilar fosh etildi. Ko‘pchiligi Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston davlatlaridan Toshkentga olib kelindi. Ularning hammasi jinoiy javobgarlikka tortildi”, deydi Almatov.
LiveBarchasi