Qozog‘istonda 100 dan ortiq jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olindi
Olam
−
14:49
3166Qozog‘istonda politsiya va Milliy xavfsizlik qo‘mitasi xodimlari bir vaqtning o‘zida 10 ta hududda maxsus operatsiya o‘tkazib, 118 kishini qo‘lga oldi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Qozog‘iston xavfsizlik kuchlari tovlamachilik va mamlakat qamoqxonalarini narkotik moddalar bilan ta’minlash bilan shug‘ullangan jinoiy guruhlar a’zolarini qo‘lga olish bo‘yicha keng ko‘lamli maxsus operatsiya o‘tkazgan.
“Xavfsizlik kuchlari Qozog‘istonning 10 ta viloyatida bir vaqtning o‘zida ish olib bordi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, koloniyalarni giyohvand moddalar bilan ta’minlagan va tovlamachilik bilan shug‘ullangan, ko‘pchiligi bir necha marta sudlangan odamlardan iborat butun bir guruh qo‘lga olingan.
“Jami 118 nafar jinoyatchi, jumladan, 13 nafar jinoiy muhit vakillari qo‘lga olindi. 100 dan ortiq qidiruv ishlari olib borildi. 3 ta Kalashnikov avtomati, ikkita travmatik to‘pponcha, katta miqdordagi turli kalibrli o‘q-dorilar, 11 kg dan ortiq giyohvand moddalar, mobil qurilmalar va qora hujjatlar musodara qilindi”, degan vazirlikning uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi vakili Quandiq Alpis.
Shuningdek, vazirlik tomonidan hibsga olinganlar orasida uzoq va yaqin xorijdan kelgan jinoyatchi ham borligi bildirilgan. Ular orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bor yoki yo‘qligi hozircha noma’lum.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Qorasoy tumani sudi 2022 yil yanvar oyidagi ommaviy tartibsizliklar vaqtida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolarini qiynoqqa solgan olti politsiya xodimini uch yilga ozodlikdan mahrum qilish bo‘yicha hukm chiqargandi. Shuningdek, ular davlat xizmatida ishlash huquqidan va maxsus unvonlardan ham ayrilgan.