Idorani tutatgan vallomat

Tahlil

Amaldorlarning xizmat xonasida pora olgani, xodimlarini bo‘ralatib so‘kkani, talaba qizlarning nomusiga tegishga uringani yoki kaltaklanganini eshitgansiz. Lekin “kattakon”ning o‘z xizmat xonasida giyohvandlik moddasi iste’mol qilganini eshitamiz deb o‘ylaganmidingiz? Ha, mana buni ham eshitdik.  

9 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari xizmat xonasida giyohvandlik moddasini iste’mol qilayotgani aks etgan surat tarqaldi. Birinchilardan bo‘lib holatga izoh bergan Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi quyidagicha javob berdi:

“Mazkur holat yuzasidan tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazilgan. Natijada fotosuratdagi fuqarodan 0,69 gramm “gashish” moddasi musodara qilingan. Sud-kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, modda giyohvandlik moddasi deb topilgan”, deydi Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov. 

IIV voiziga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 276-moddasi 1-qismi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olish, tashish yoki jo‘natish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda. Biroq Shohrux G‘iyosov shaxsga oid axborotni ochiqlash qonun bilan taqiqlanganini, shuningdek, aybsizlik prezumpsiyasiga rioya qilish zarurligini eslatib ketgan. 

Shu kunning o‘zida tarqalgan xabarlarga izoh bergan Andijon viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi mazkur holat IIB tomonidan nazoratga olingani va hozirda holat tasdiqlanmagani, tegishli tartibda surishtiruvlar olib borilayotganini aytib chiqdi. 

Oradan bir kun o‘tib, 10 aprelda esa shu tashkilotning o‘zi amaldor ishdan olinganini aytib chiqdi. Buni qarangki, narkotik modda iste’mol qilgan amaldor Andijon viloyati emas, Andijon shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari ekan. 

“Andijon shahri Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i D.U. hamda uning o‘rinbosari S.B. bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Holat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda”, deyiladi xabarda.

Har ikki munosabatda ham amaldorning xizmat xonasida yana kimlar bo‘lgani aytilmagan. Suratga qarasangiz Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari yonida bir odam o‘tirganini ko‘rasiz, ammo ularni uchinchi shaxs suratga olgan. Xonada ulardan boshqa yana kimdir bo‘lgan yo bo‘lmagani tahririyatga ma’lum emas. 

Rasmiy bayonotda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i va narkotik modda iste’mol qilgan o‘rinbosari bilan mehnat shartnomasi bekor qilingani aytildi. Boshliq ham shu xonada bo‘lgani, u ham narkotik moddadan iste’mol qilgani noma’lum. Balki u o‘zining “zam”ini tiyib qo‘ymagani uchun ishdan olingandir. Albatta, bularning barchasi tergov davomida aniq bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Andijon viloyati amaldor giyohvandlik moddasi Kambag'allikni qisqartirish va bandlikka ko'maklashish bo'limi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing