Germaniyada o‘zbek askarlari xotirasiga yodgorlik o‘rnatildi (foto)
Jamiyat
−
09 may 2020
12184O‘zbekiston Respublikasining Berlindagi elchixonasi tomonidan 9 may — Xotira va qadrlash kuni arafasida Germaniyada o‘zbek askarlari xotirasiga atab yodgorlik lavhasi o‘rnatildi. Bu haqda bugun, 9 may kuni “Dunyo“ axborot agentligi xabar berdi
Xotira tadbirida O‘zbekistonning Germaniyadagi favqulodda va muxtor elchisi Nabijon Qosimov va Detmold okrugi prezidenti Yudit Pirsher ishtirok etdi. Pirsher O‘zbekistondagi urush qurbonlari xotirasini abadiylashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi.
Foto: Dunyo AA
“9 may O‘zbekistonda “Xotira va qadrlash kuni“ sifatida nishonlanishi, urushda qurbon bo‘lganlar xotirasiga ko‘rsatilayotgan hurmat maqtovga loyiqdir. Ikkinchi jahon urushida “Shtalag 326“ harbiy lageriga keltirilgan asirlar orasida boshqa millat vakillari qatori 360 nafar o‘zbekistonlik bo‘lgani va ulardan 55 nafari shu yerga dafn etilgani haqida ma’lumotlar mavjud. Urush qurbonlarining nomlarini abadiylashtirish, ular so‘nggi qo‘nim topgan manzillari, qabrlarini topish juda ham xayrli ishdir,“ deydi Yudit Pirsher.
Ma’lum qilinishicha, Germaniyaning Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal o‘lkasidagi Shtukenbrok shaharchasida urush yillari barpo etilgan “Shtalag 326” (Stalag 326 VI K Senne) harbiy lagerining muzeyi va arxiv tashkiloti bilan birgalikda olib borilgan tadbirlar natijasida 1941-1945 yillarda bu yerga keltirilgan o‘zbek askarlari haqida qimmatli ma’lumotlar to‘plashga muvaffaq bo‘lindi.
To‘plangan ma’lumotlarga ko‘ra, 1941-1945 yillarda ushbu lagerga keltirilgan 65 ming harbiy asir orasida 360 nafar o‘zbek askari bo‘lgan va ulardan 35 nafari “Shtukenbrok“ harbiylar qabristoniga umumiy holda dafn etilgani aniqlangandi. 2018-2019 yillar mabaynida O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan “Shtalag 326“ arxivi materiallarini o‘rganish natijasida yana 20 nafar vatandoshimiz mazkur qabristonda mangu orom topgani aniqlandi.
Arxivdan 1912 yil Buxoro viloyatida tug‘ilgan Nurali Safarov 1943 yil 5 mart kuni, 1918 yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan Abdurahmon Ro‘zmetov 1944 yil 9 iyul kuni, 1921 yil Samarqandda tug‘ilgan Musa Isayev 1943 yil 2 iyun kuni, 1915 yil Toshkentda tug‘ilgan Anorboy Mirzaahmedov 1944 yil 25 iyul kuni, 1902 yil Buxoroda tug‘ilgan Safar Kamolov 1945 yil 13 yanvar kuni vafot etgani haqidagi ma’lumotlar topildi.
“Bugungi kunda “Shtalag 326” arxividagi o‘zbek askarlariga oid ma’lumotlarni aniqlash borasidagi ishlar davom ettirilmoqda“, deyiladi xabarda.
Foto: Dunyo AA
Foto: Dunyo AA
Foto: Dunyo AA
Eslatib o‘tamiz, roppa-rosa bir yil avval Nabijon Rahimov QALAMPIR.UZ bilan suhbatda ushbu hududda yodgorlik o‘rnatilishi haqida ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi