Janozasi o‘qilmaganlar yoxud mustaqillik nima berdi?
Tahlil
−
01 sentabr 715 3 daqiqa
1991 yilda tug‘ilgan go‘dak bugun 35 yoshda. U dunyoga kelgan vaqtda mustaqil bo‘lgan O‘zbekiston ham. Besh kam 40 ga kirgan inson hayoti davomida qanday yutuqlarga erishishi uning harakatiga bog‘liq. Ammo Markaziy Osiyoning markazida joylashgan mamlakatning xalqaro miqyosdagi bugungi imijini shakllantirish oson bo‘lmagan.
Bundan 35 yil avval bir chaqaloq dunyoga kelganda u bilan birga O‘zbekistonda 20 million 600 mingga yaqin odam yashardi. Bugun esa aholi 38 million 200 mingdan oshgan. Mustaqillik 38 milliondan oshiq odam uchun umumiy haqiqatdir. Ammo uning har bir inson uchun ma’nosi turlicha. Xo‘sh, mustaqillik siz uchun nima? Aynan mana shu savol bilan aholiga yuzlandik.
Respondentlarning asosiy qismi mustaqillik oliy ne’matligi, uni asrab-avaylash kerakligi haqida gapirsa, sovet va Ikkinchi jahon urushidan keyingi ocharchilik davrlarini ko‘rgan keksalar bugungi kunni kecha bilan solishtirdi.
“1953 yilda tug‘ilganman. Xrushchyov davri juda og‘ir kechgan, keyinroq mustaqillikning ilk yillarida ham muayyan qiyinchiliklar bo‘ldi. Bugun, shukurki, hammasi ortda qoldi. Sovet davrida, xususan, Xrushchyov davrida qora non uchun soatlab navbatda turganimizni yaxshi eslayman. Hozir esa mutlaqo boshqa davr: yoshlar uchun barcha imkoniyat va ish o‘rinlari yaratilmoqda, mehnat qilish uchun sharoit yetarli. Yana nima kerak?”, deydi biz yuzlangan onaxonlardan biri.
“Biz sovet tuzumini ham ko‘rgan avlodmiz. U paytlarda o‘zbek xalqi uchun xorijga chiqish imkoniyati deyarli yo‘q edi. Misol uchun, sport sohasida faqat Rufat Risqiyev yoki Sobir Ro‘ziyev kabi sanoqli vakillarimiz xalqaro maydonga chiqa olgan, xolos. Bugun-chi? Nechtalab sportchilarimiz dunyo sahnasida zafar quchmoqda, ayniqsa, boks bo‘yicha jahonda yetakchi o‘ringa chiqdik. Bu — dunyoga eshiklar ochilgani va mustaqillikning eng asosiy natijalaridan biridir”, deydi sovet davrini ko‘rgan suhbatdoshimiz.
Ayrim respondentlar mustaqillikni qonun ustuvorligi va fundamental huquqlar — inson huquqlari, so‘z va o‘z fikrini erkin bayon etish erkinligi bilan bog‘ladi.
“Mustaqillik men uchun, avvalo, erkinlik va Yaratgan tomonidan berilgan ulug‘ ne’matdir. Ilgari o‘z fikrimizni ochiq va erkin ayta olmas edik, bugun esa barchsi boshqacha. Xorijga chiqish imkoniyatlari ham tubdan yengillashdi. Oldin bunday imkon qayda edi? Shunga shukurki, farzandlarimiz bugun dunyoning turli go‘shalarida o‘z salohiyatini namoyon etib, o‘zbek nomini baland ko‘tarib yurishibdi. Har bir sohada erkinlik va nafas olish bor. El-yurtimizni shunday ozodlikka yetkazganiga behisob shukronalar bo‘lsin, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin”, deydi yo‘lovchilardan biri.
Boshqa so‘rovnoma ishtirokchilari esa mustaqillik tushunchasini, eng avvalo, diniy erkinliklar bilan aloqador deb hisoblashini ma’lum qildi. Sir emaski, mustaqillikkacha bo‘lgan sovet davrida dahriylik (ateizm) keng targ‘ib qilingan, Islom dini qoralanib, “din — afyun” degan qarash singdirilgan edi.
Diniy an’analar va qadriyatlar kamsitilgan, hatto odamlarning o‘z yaqinlariga janoza namozi o‘qishiga ham to‘sqinliklar qilingan. So‘rovnomada qatnashganlar ana shu og‘ir davrlarni ham alohida eslab o‘tdi.
“Ilgari, yaxshi eslaymiz, masjidga borganlarni alohida ro‘yxatga olishar, hatto kim qaysi mashinada kelganigacha yozib yurishardi. Hozir bu kabi cheklovlar mutlaqo yo‘q. Xohlagan kishi emin-erkin besh mahal namozini o‘qishi, istalgan diniy-ma’rifiy adabiyotni xarid qilib, mutolaa qilishi mumkin. Ilgari biror kitobni o‘qish u yoqda tursin, yoningda olib yurishning o‘zi xavfli edi, ortidan turli ko‘ngilsizliklar kelib chiqardi. Mustaqillik bizga, eng avvalo, mana shunday vijdon va e’tiqod erkinligini berdi”, deydi yana bir “eski davr”ni eslagan respondent.
Batafsil Youtube sahifamizda tomosha qiling.
Live
BarchasiPezeshkiyon va Putin Bishkekda uchrashdi
01 sentabr