Germaniyadagi daryodan Ikkinchi jahon urushiga oid sovet quroli topildi
Olam
−
04 iyul 10574 2 daqiqa
Germaniyaning Brandenburg federal yeridagi Forst shahri yaqinidan oqib o‘tuvchi Neyse daryosidan Ikkinchi jahon urushi davriga oid artilleriya quroli topildi. Bu haqda “Euronews” xabar qildi.
Germaniyaning Portlovchi moddalarni yo‘q qilish xizmatining qayd etishicha, topilma Polsha bilan chegara yaqinidagi Neyse daryosida olib borilgan texnik ishlar vaqtida aniqlangan. PMYX vakili Enriko Shnikning aytishicha, topilgan qurol “Qizil armiya” tomonidan foydalanilgan M1943 rusumidagi 76 millimetrlik piyoda askarlar to‘pi hisoblanadi. U zanglagan bo‘lsa-da, daryo tubidagi qum va loy qatlamlari tufayli yaxshi saqlanib qolgan.
“Qurol uzoq vaqt davomida daryo tubidagi qum va loy ostida yotgani sababli yaxshi saqlangan. Mintaqamizda bunday topilma avval uchramagan”, deydi Shnik.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Forst shahri 1945 yil aprel oyida Germaniya Vermaxti va sobiq Sovet “Qizil armiya”si o‘rtasidagi shiddatli janglar maydoniga aylangan va deyarli butunlay vayron bo‘lgan.
Mahalliy nashrlar ma’lumotiga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushi yillarida sobiq Sovet Ittifoqida 5 mingdan ortiq M1943 rusumidagi artilleriya quroli ishlab chiqarilgan.
Mutaxassislarning bildirishicha, topilgan qurol muzeyga topshirilmaydi. U hozirda PMYXning Kummersdorfdagi maxsus markaziga olib ketilgan bo‘lib, belgilangan tartibda zararsizlantirilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Germaniya poytaxti Berlinning Pankov tumanidagi o‘rmonda sayr qilib yurgan kishi shubhali buyumni – sovet artilleriyasiga tegishli bo‘lgan 59 ta snaryadlarni topib olgandi.
Live
Barchasi