Germaniyadagi bog‘dan Amerika bombasi topildi
Olam
−
11 iyul 1992 2 daqiqa
Germaniyaning Kyoln shahrida Ikkinchi jahon urushi davridan qolgan bomba topildi. Hodisa sabab yaqin atrofdagi bolalar shifoxonasi evakuatsiya qilindi. Bu haqda WDR xabar berdi.
Nashrning yozishicha, 500 kilogramm og‘irlikdagi Amerika bombasi Kyoln-Nippes hududidagi Yoxannes-Gisberts bog‘i yaqinida kecha, 10 iyul kuni ertalab parkni obodonlashtirish ishlaridan oldin o‘tkazilgan tekshiruvlar chog‘ida aniqlangan. O‘sha kuni tushdan keyin hudud evakuatsiya qilinib, soat 15:15 atrofida mutaxassislar tomonidan muvaffaqiyatli zararsizlantirilgan.
Xavfsizlik chorasi sifatida Amsterdam shtrasse ko‘chasidagi bolalar shifoxonasidan 60 nafar bemor, jumladan, muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlar, ularning ota-onalari hamda tibbiyot xodimlari vaqtincha boshqa shifoxonaga ko‘chirilgan. Shuningdek, bomba atrofida 500 metr radiusda xavfli hudud belgilanib, taxminan 4300 nafar aholi evakuatsiya qilingan.
Shuningdek, bomba zararsizlantirilishi jarayonida hududdagi ayrim yo‘llar yopilgan va atrofdagi aholi uchun cheklovlar joriy etilgan. Jumladan, Innere Kanalshtrasse, Amsterdam shtrasse va Shtammxaymer shtrasse kabi asosiy yo‘llar, shuningdek Zoobryukke (Hayvonot bog‘i ko‘prigi) orqali harakat ham vaqtincha to‘xtatilgan. Bu esa shaharning bir qator hududlarida katta transport tirbandliklarini keltirib chiqargan.
Ma’lum qilinishicha, bolalar shifoxonasining shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi evakuatsiya tufayli vaqtincha yopilgan. Bemorlar esa Xolvayde shahar shifoxonasiga joylashtirilgan bo‘lib, ularni keyingi kuni yana o‘z shifoxonasiga qaytarish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyaning Brandenburg federal yeridagi Forst shahri yaqinidan oqib o‘tuvchi Neyse daryosidan Ikkinchi jahon urushi davriga oid artilleriya quroli topilgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi