Germaniyada sun’iy intellekt cherkovda ruhoniylik qildi
Bu qiziq
−
14 iyun 2023
7398Germaniyaning Bavariya viloyati Fyurt shahridagi lyuteran cherkovida ChatGPT sun’iy intellekti tomonidan qilingan va’zni tinglash uchun uch yuzdan ortiq dindorlar yig‘ildi. Bu haqda “Business Insider” xabar berdi.
“Hurmatli do‘stlar, Germaniyada protestantlarning bu yilgi qurultoyida, shu yerda turib, sizlarga birinchi sun’iy intellekt sifatida voizlik qilish men uchun sharafdir”, deydi cherkov altarining tepasiga o‘rnatilgan ekranda ko‘rinish bergan sun’iy intellekt avatari.
Mazkur tadqiqot Vena universitetining ilohiyotchi faylasufi Jonas Zimmerlein tomonidan amalga oshirilgan bo‘lib, u neyrotarmoqni cherkovda va’z o‘qish uchun moslashtirgan. 40 daqiqa davom etgan ibodat, va’z va musiqalarning 98 foizi aynan ChatGPT tomonidan yaratilgan.
Butun ibodat marosimi to‘rt xil avatar (ikki nafari ayol va ikkisi erkak ko‘rinishida) tomonidan olib borilgan.
Sun’iy intellektning va’zi ba’zi dindorlarni hayratda qoldirgan bo‘lsa, boshqalar uning ovozidagi hissizlik hamda monotonlikdan shikoyat qilgan. Yana bir guruh ruhoniylar esa uning bu qadar yaxshi ishlashini kutmaganini, garchi avatarning ovozi ba’zan juda notekis yangaragan bo‘lsa-da, va’z yaxshi ijro etilganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHda sun’iy intellekt boshqaruvidagi harbiy dron simulyatsion parvozlar vaqtida o‘z operatorini o‘ldirmoqchi bo‘lgandi. Sun’iy intellekt san’at sohasiga ham faol kirib kela boshladi. Masalan, yaqinda u tomonidan yaratilgan qo‘shiq ijtimoiy tarmoqlarda mashhurlikka erishdi. Arxitekturada ham chatbot xizmatlaridan foydalanish allaqachon boshlangan. Joriy yilning may oyida sun’iy intellektdan ilk bor osmono‘par binolarni loyihalashtirishda foydalanildi. Shuningdek, Yaponiyadagi shaharlardan birida sun’iy intellektni hokimiyat boshqaruvida ham sinab ko‘rish boshlangani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi