Sun’iy intellekt hukumatni boshqarishda ko‘maklashadi
Texnologiya
−
21 aprel 2023
4894Yaponiyaning Kanagava prefekturasidagi shaharlardan birining rahbariyati ma’muriy vazifalarni bajarishda yordamlashish uchun ChatGPT'dan foydalanishga qaror qildi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Qayd etilishicha, Yokosuka shahri hukumati shu haftadan boshlab barcha xodimlarga jumlalarni umumlashtirish, imlo xatolarini tekshirish va g‘oyalar ishlab chiqish uchun chatbotdan foydalanishga ruxsat bergan. Shahar hukumati matbuot kotibining aytishicha, Yaponiyada davom etayotgan demografik inqiroz, aholi sonining qisqarishi va qarish jarayonining tezlashishi ushbu qarorning qabul qilinishiga sabab bo‘lgan. Yaqinda mamlakat rahbari ham Yaponiya ijtimoiy funksiyalarni saqlab qola olmaslik xavfi yoqasida turganidan ogohlantirgandi.
Yokosuka shahri ham bundan mustasno emas. Hukumat rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, shaharda 376 mingdan ortiq odam istiqomat qiladi. Aholi soni yildan-yilga qisqarishda davom etmoqda. Tabiiy pasayish asosiy ishlab chiqaruvchilarning ko‘chib ketishi va turizm darajasining pastligi bilan qo‘shilgan holda ushbu jarayonni yanada tezlashtiryapti.
Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, shahar hukumati bu muammoni yechish va samaradorlikni oshirish uchun ish jarayonini yaxshi yo‘lga qo‘yish maqsadida ChatGPT'dan foydalanishni reja qilgan. Chatbotga hech qanday maxfiy yoki shaxsiy ma’lumotlar kiritilmasligi qo‘shimcha qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ma’lumotlar xavfsizligi bilan bog‘liq muammolar sabab Italiyada ChatGPT bloklangandi. Chatbot shu sabablarga ko‘ra Germaniyada ham bloklanishi mumkinligi ma’lum qilingan. Shuningdek, Kanadada unga nisbatan tergov boshlangan edi.
LiveBarchasi