Italiyada ChatGPT bloklandi
Olam
−
31 mart 2023
5733Italiyada ChatGPT sun’iy intellekti maxfiylik siyosatini buzgani uchun bloklandi. Bu haqda "Politico" xabar berdi.
Qayd etilishicha, Italiya hukumati mashhur sun’iy intellekt ortida turgan AQSH kompaniyasi OpenAI'ni italiyalik foydalanuvchilarning ma’lumotlarini qayta ishlashni darhol to‘xtatish va bu bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishga chaqirgan. Ushbu buyruq kompaniya Yevropa Ittifoqining maxfiylik siyosatiga oid muhim qonuni – ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha umumiy reglamentga rioya qilmaguncha amalda bo‘lishi ma’lum qilingan.
Sun’iy intellekt tajribalarini vaqtinchalik to‘xtatib turish, kiberxavfsizlik va dezinformatsiya uchun bir qator xavf-xatarlarni tekshirishga chaqiriqlar Shimoliy Amerika va Yevropada borgan sari kuchayib bormoqda. Ilon Mask va o‘nlab sun’iy intellekt mutaxassislari bu hafta ChatGPT yangilanishlarini to‘xtatib turishga chaqirdilar.
Ta’kidlanishicha, kompaniyada ChatGPT algoritmlarini rivojlantirish uchun shaxsiy ma’lumotlarni ommaviy yig‘ish va saqlashni oqlovchi hech qanday qonuniy asos yo‘q.
Italiya hukumatiga ko‘ra, ChatGPT o‘tgan hafta ma’lumotlar buzilishiga duch kelgan hamda foydalanuvchilarning suhbatlari va to‘lov ma’lumotlarini oshkor qilgan. Qo‘shimcha qilinishicha, OpenAI foydalanuvchilarning yoshini tekshirmaydi va ularning rivojlanish bosqichi hamda o‘z-o‘zini anglash darajasiga mutlaqo mos bo‘lmagan javoblar qaytaradi.
Kompaniyaning Yevropa Ittifoqida vakolatxonasi yo‘q. Biroq uning Yevropa iqtisodiy hududidagi vakili 20 kun ichida ChatGPT'ni Ittifoq maxfiylik qoidalariga qanday moslashtirishni rejalashtirilayotgani haqida xabar berishi aks holda kompaniya global daromadining to‘rt foizi miqdoriga jarimaga tortilishi haqida ogohlantirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq sun’iy intellekt sabab 300 million kishi ishsiz qolishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, uning vositasida o‘zbek adabiyoti qahramonlarining qiyofalari yaratilgandi.
Nodirjon Madaminov
LiveBarchasi