Germaniya Ukrainaga qanday qurollar sovg‘a qilmoqchiligi ma’lum bo‘ldi
Olam
−
21 iyun 2022
6586Germaniya hukumati birinchi marta Ukrainaga ko‘rsatgan harbiy yordami ro‘yxatini va endi yetkazib berilishi rejalashtirilayotgan yordam paketi haqida ma’lumot berdi. Mazkur ro‘yxat bugun, 21 iyun kuni Germaniya Vazirlar Mahkamasi saytida chop etilgan.
Qayd etilishicha, Germaniya hukumati Kiyevga “Gepard” tipidagi 30 ta o‘ziyurar zenit qurilmalari, IRIS-T havo mudofaa tizimi (havo hujumidan mudofaa), uchta uchta Mars yalpi reaktiv hujum tizimi, o‘q-dorilar va boshqa bir qator qurollarni yetkazib berish niyatida. Shuningdek, Ukraina armiyasiga 22 ta yuk mashinasi, 80 ta Toyota pikapi, 32 ta razvedkachi dron va 100 000 ta birinchi tibbiy yordam to‘plami beriladi.
Hammasi bo‘lib, Ukrainaga yetkazib berilgan qurol va materiallar ro‘yxatida 38 ta, rejalashtirilganlar ro‘yxatida yana 25 ta pozitsiya mavjud.
Qurol-yarog‘ va boshqa materiallar Bundesver zaxiralaridan ajratilgan yoki mudofaa konsernlari tomonidan ta’minlangan. Germaniya hukumati vakili ro‘yxat doimiy ravishda yangilanib borishini ta’kidladi.
Avvalroq, Germaniya Mudofaa vaziri Kristina Lambrext Germaniya AQSH va Buyuk Britaniya bilan birgalikda Kiyevga uchta Mars yalpi reaktiv hujum tizimi va bir necha yuzta raketalarni yetkazishi, shuningdek, harbiylarni o‘qitishini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, mamlakat kansleri Olaf Shols o‘ziga nisbatan bo‘layotgan tanqidlarga javoban Germaniya Ukrainaga kerakli harbiy yordamni ko‘rsatib kelayotganini ta’kidladi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi