Germaniya sudi Alisher Usmonov foydasiga qaror chiqardi
Olam
−
01 noyabr 2023
9220Germaniyaning Frankfurt-Mayn sudi Bosh prokuratura tomonidan Alisher Usmonovga qarshi tergov harakatlari doirasida Germaniyada olib qo‘yilgan hujjatlar va mol-mulkning saqlanishini noqonuniy deb topdi va ularni egalariga qaytarishni buyurdi. Bu haqda TASS Alisher Usmonovning matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.
2022 yilning kuzida Germaniya prokuraturasi va Federal jinoyat politsiyasi idorasi Rottax-Egern shahrida, Gamburgdagi Dilbar yaxtasida, shuningdek, Usmonovning do‘sti oilasining Frankfurt-Mayn yaqinidagi kichkina kvartirasida tintuv o‘tkazdi. 2023 yil may oyida Frankfurt-na-Mayn mintaqaviy sudi prokuratura va politsiya tomonidan pul yuvish bo‘yicha tergovda qo‘llangan to‘rtta tintuv buyrug‘ini noqonuniy deb topdi. Usmonovning advokatlari tintuv chog‘ida olib qo‘yilgan hujjatlar va mol-mulkdan prokuraturaga foydalanishni to‘xtatish hamda ularni egalariga qaytarish bo‘yicha arizalar kiritgan.
“2023 yil 26 oktyabr kuni Frankfurt-Mayn tuman sudi tomonidan ushbu talablar qanoatlantirildi. Shu tariqa, Germaniya huquq-tartibot idoralari tomonidan hibsga olingan mol-mulkning saqlanishi noqonuniy ekanligi, unga chek qo‘yilishi va tegishli ashyolar so‘nggi ma’lum egalariga qaytarilishi kerakligi aniqlandi”, deya xabar bergan tadbirkorning matbuot xizmati.
Sudning bildirishicha, Usmonov hali ham huquqiy himoyaga muhtoj, chunki Frankfurt-Mayn bosh prokuraturasi qidiruv e’lonlarini noqonuniy deb tan olganiga qaramay, hibsga olingan mulkni o‘z maqsadlari uchun saqlab qolishda davom etmoqda.
Usmonovning himoyasi vakillari uning ta’qib qilinishini asossiz va siyosiy sabablarga ko‘ra, deb atagan va Germaniya huquq-tartibot idoralari tomonidan ko‘plab qonunbuzarliklarga ishora qilgan.
“Xususan, sud noqonuniy deb topgan tintuvlar chog‘ida olib qo‘yilgan mol-mulkni prokuratura tomonidan saqlab qolinishi, ushbu sud qarorining qonuniy ravshanligiga qaramay, ataylab qilinganligi aniq”, deydi Usmonov matbuot xizmati.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning oktyabr oyi boshida Germaniya politsiyasi va bojxona xodimlari Myunxen va Tegernze shaharlarida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi sababli Yevropa sanksiyalari ostida qolgan milliarder Alisher Usmonovga tegishli bo‘lgan bir qancha mulklarni tintuv qildi. Germaniya bojxona organlari tomonidan sanksiyalar bo‘yicha tuzilgan “Matryoshka” maxsus komissiyasi tintuvlar sud qarori asosida o‘tkazilganini ma’lum qilgan.
LiveBarchasi