Germaniya Rossiyaga jiddiy ayblov qo‘ydi

Olam

image

Germaniya kansleri Fridrix Mers Rossiyani mamlakatning demokratiyasiga aralashishda aybladi. Bu haqda u bugun, 27 avgust kuni Mudofaa vazirligi binosida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishdan so‘ng so‘z ochdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva Germaniya demokratiyasiga juda keng ko‘lamda aralashmoqda, IT xavfsizligiga hujumlar uyushtirmoqda, sabotaj va dezinformatsiyalar tarqatmoqda. 

“Xavfsizlik masalalari bugun hukumat kun tartibining eng yuqori qatorida turibdi. Bu Germaniya fuqarolariga yo‘llangan signal, shuningdek NATO ittifoqchilarimiz uchun ham muhim ishora”, degan kansler. 

U, shuningdek, Rossiyadan kelayotgan tahdidlarni asos qilib, hukumat yangi xavfsizlik bo‘yicha qonun loyihalari paketini tasdiqlaganini ma’lum qilgan. 

Hukumat tasdiqlagan xavfsizlik paketi bir nechta muhim tashabbuslarni o‘z ichiga oladi. Xususan, Germaniyada Milliy xavfsizlik kengashi tuzilishi, ixtiyoriy harbiy xizmat tartibi belgilanishi hamda harbiy hisobga olishning yangi qoidalari joriy qilinishi rejalashtirilmoqda.

Yangi tartibga ko‘ra, 2026 yildan boshlab barcha erkaklar majburiy ravishda, ayollar esa ixtiyoriy ravishda maxsus anketani to‘ldiradi. Bu orqali harbiy xizmatga qiziqish bildirgan fuqarolar aniqlanadi va ular salomatligi bo‘yicha tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. 2027 yil 1 iyundan esa barcha 18 yoshli yigitlar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tadi, hatto ular harbiy xizmatni tanlamagan taqdirda ham.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu choralar Germaniyaning NATO oldidagi majburiyatlarini bajarishi uchun zarur. Chunki ehtimoliy mojaro sharoitida mamlakatda 460 ming askar bo‘lishi kerak. Hozir hududda 183 ming harbiy xizmat qilmoqda, ularga 49 ming rezervist (zaxiradagilar) qo‘shilgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya Tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga murojaat qilib, Ukraina bo‘yicha muzokaralarni cho‘zmaslikni talab qilgandi va aks holda Moskvaga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etilishi haqida ogohlantirgandi. Vadefulning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga bosimni davom ettirishi kerak va shu maqsadda 19-sanksiyalar paketi tayyorlanmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Rossiya Fridrix Merts

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing