Germaniya: Navalniy “Novichok” bilan zaharlangan
Olam
−
02 Sentabr 2020
9475Joriy yilning 20 avgustidan beri koma holatida qolayotgan rossiyalik muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy asab tizimini falajlovchi “Novichok” guruhiga mansub harbiy modda bilan zaharlangan. Bundesver (Germaniya Qurolli Kuchlari) laboratoriyasi mutaxassislari shunday xulosaga keldi.
GFR Hukumati Navalniyning tibbiy ko‘rik natijalari haqida Yevropa Ittifoqi va NATOni ogohlantirishini ma’lum qildi. Nemis rasmiylari siyosatchining zaharlanishi uchun ittifoqchilari bilan birgalikda javob tayyorlash niyatida. Bundan tashqari, ular Kimyoviy qurollarni taqiqlash bo‘yicha tashkilot bilan bog‘lanmoqchi.
Ma’lumot uchun, Aleksey Navalniy 20 avgustdan beri komada qolyapti. U Tomskdan Moskvaga uchayotganda tobi qochgandi. Uning safdoshlari siyosatchi zaharlanganini taxmin qilyapti.
U ikki sutka Omskdagi shifoxonada qolib ketdi. Shundan so‘ng, shifokorlar uni Berlinga ko‘chirishga ruxsat berdi. Navalniyning tarafdorlari shifokorlarning bunday harakatini organizmdagi zaharlash izlarini yo‘qotish uchun vaqtdan yutish deb baholadi.
Berlinga olib kelingach, nemis shifokorlari tahlillar o‘tkazib, Navalniy zaharlanganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi