Germaniya kompaniyasi Ukrainada yashirincha dron ishlab chiqarmoqda

Olam

image

Germaniyaning "Quantum Systems" kompaniyasi Ukrainada maxfiy ishlab chiqarish sexlarini yo‘lga qo‘ygan. Bu haqda “Politico” xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu yo‘l orqali kompaniya dron ishlab chiqarishni oyiga 40 donadan 80 donagacha oshirishga muvaffaq bo‘lgan.

Manbada aytilishicha, "Quantum Systems" kompaniyasining Vector nomli razvedka dronlari 2022 yilning dastlabki haftalarida Ukrainaga yetkazib berilgan yordam tarkibida bo‘lgan. Keyingi yillarda kompaniya Germaniya, AQSH va Avstraliyadagi zavodlaridan tashqari yana Ukrainada ham ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.

Ishlab chiqaruvchilarga asosiy to‘siq yesa mamlakatdagi jangovar harakatlar bo‘lgan. Shu bois, dron ishlab chiqarish turli hududlarga tarqatilgan, xavfsiz davlatlardagi sexlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Qayd etish joiz, hozirda Germaniyadagi zavodlar oyiga 120 ta dron ishlab chiqarmoqda.

Nashrning bildirishicha, xorijiy kompaniyaning Ukrainadagi mavjudligi Rossiya bilan qurollanish poygasida ham muhim omil hisoblanadi. "Quantum Systems" vakillari Ukrainada ishlab chiqarishni kengaytirish va Germaniya zavodlari bilan hamkorlikni davom ettirishlarini bildirgan. Bu hudud urush zonasi bo‘lgani uchun ularning maxsuloti ommabop sanaladi. 

Nashrning qo‘shimcha qilishicha, yaqinda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH rahbari Donald Trampga “megabitim” taklif qilgan. Unga ko‘ra, AQSH Ukrainadan jangovar sharoitda sinalgan dronlarni xarid qilishi, Ukraina esa AQSHdan qurol sotib oladi. Shu bilan birga, Kiyevning maqsadi kuniga mingta dron ishlab chiqarishga erishish bo‘lib, buning uchun 6 mlrd dollar mablag‘ talab etiladi.

Rossiya esa G‘arbning bunday qurol yetkazib berishlarini qoralab kelmoqda va Mudofaa vazirligi muntazam ravishda Ukraina dronlari urib tushirilgani haqida hisobot bermoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH urush tugaganidan so‘ng, Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari doirasida yordam ko‘rsatishga tayyorligi haqida ma’lum qilingandi. Mamlakatlar urush tugaganidan keyin razvedka va havo mudofaasi bo‘yicha hamkorlik qiladi, biroq AQSH o‘z qo‘shinlarini Ukrainaga yubormaydi. Shu bilan birga, Tramp urush tugaguncha ikki davlat o‘rtasidagi mojaroga umuman pul ajratmasligini ham aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Ukraina Quantum Systems Vector

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing