G‘azo va Livandagi fojiani og‘riq hissi bilan qabul qilyapmiz – Mirziyoyev
Jamiyat
−
24 Oktabr
3045O‘zbekiston Isroil-Falastin muammosining yagona yechimi – “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘lib qolmoqda, deb hisoblaydi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 24 oktyabr kuni Qozonda bo‘lib o‘tayotgan “BRICS plyus” formatidagi sammitda so‘z ochdi.
“Yaqin Sharqdagi tobora keskinlashib borayotgan mojaro bizni ham tashvishga solmoqda. Bu mintaqa qo‘shni mamlakatlar va yirik davlatlarning bu mojaroga tortilishi bilan global inqirozning yirik o‘chog‘iga aylanib bormoqda.
Biz G‘azo va Livandagi misli ko‘rilmagan gumanitar fojiani qalbimizdagi og‘riq hissi bilan qabul qilyapmiz. Tinch aholi, ayniqsa, bolalarning begunoh qurbon bo‘lishini hech qanday siyosiy maqsadlar oqlay olmaydi”, dedi Mirziyoyev.
Uning aytishicha, bugungi kunda o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatish va jabrlanganlarga shoshilinch yordam ko‘rsatish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalardir.
Shuningdek, Mirziyoyev sammit ishtirokchilari e’tiborini Afg‘onistonga qaratdi.
“Global va mintaqaviy xavfsizlik haqida gapirganda, Afg‘oniston muammosini chetlab o‘tish mumkin emas. Bizning umumiy vazifamiz – ushbu mamlakatni yakkalash emas, balki Afg‘oniston xalqiga va uning amaldagi hokimiyatiga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, tinch qurilish va taraqqiyotning dolzarb muammolarini hal etishda yordam ko‘rsatishdir”, dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Bundan tashqari, Mirziyoyev BRICS makonida xalqaro terrorizm bilan bog‘liq xavf va tahdidlarga qarshi kurashish masalalari, hech shubhasiz, sheriklikning ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolishini qayd etgan.
“Radikallashuv va ekstremistik g‘oyalarning, avvalo, yoshlar o‘rtasida tarqalishining oldini olishga alohida e’tibor qaratishimiz zarur”, degan Prezident.
Ma’lumot uchun, 22-24 oktyabr kunlari Qozon shahrida Rossiya Federatsiyasining assotsiatsiyaga raisligining muhim voqeasi bo‘lgan BRICS’ga a’zo davlatlar rahbarlarining o‘n oltinchi sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Unda 30 dan ortiq davlat vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 23 oktyabr kuni BRICS sammitda ishtirok etish uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozonga yetib borgandi. U sammit doirasida Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, va Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusef bilan uchrashuv o‘tkazgandi. Mirziyoyev, shuningdek, Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixonov bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvdan so‘ng O‘zbekiston rahbarini Tatariston Respublikasining davlat mukofoti – “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu mukofotni Tatariston Raisi Rustam Minnixonov tantanali ravishda topshirdi.
LiveBarchasi