G‘arb va’dalariga chuv tushgan Zelenskiy yana ulardan najot so‘rayapti

Olam

image

Yevropa va Amerika rasmiylari allaqachon Rossiya va Ukraina urushida qatnashmasliklarini aytganiga qaramay, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy G‘arb mamlakatlariga osmonni yopish hamda qurol masalasida yana so‘rov yubordi. 

“Biz har kuni takrorlaymiz - barcha raketalar uchun, Rossiya harbiy aviatsiyasi uchun va barcha terrorchilar uchun osmonni yoping, raketalarsiz, havo bombalarisiz gumanitar havo zonasini yarating. Bizni himoya qilish, odamlarni himoya qilish sizning insoniy burchingizdir”, deydi Zelenskiy o‘zining shoshilinch murojaatida.

Ukraina rahbariga ko‘ra, Vinnitsaga qarshi 8 ta raketa hujumi uyushtirilgan. Aeroport butunlay vayron qilingan.

“Vinnitsaga raketa hujumi uyushtirilgani haqida xabar berildi. Bizning shahrimizga, Rossiyaga hech qachon tahdid qilmagan tinch Vinnitsaga qarshi 8 ta raketa hujumi uyushtirildi. Aeroport butunlay vayron qilingan. Ular bizning infratuzilmamizni, biz qurgan hayotimizni, ota-onalarimizni, bobo-buvilarimizni, ukrainaliklarning avlodlarini yo‘q qilishda davom etmoqda”, deydi Zelenskiy.

Avval ham Ukraina Prezidenti mamlakat uzra uchish taqiqlangan hudud joriy etilishini talab qilgan edi. Ammo NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg ayni paytda alyans Ukrainani parvozlar taqiqlangan hudud deya e’lon qilmasligini va u yerga qo‘shin yubormasligini ta’kidladi. 

Bu holatga Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, Rossiya har qanday mamlakatning qaysi tashkilot a’zosi bo‘lishidan qat’i nazar, Ukraina uzra parvozsiz zona tashkil etilishi to‘g‘risidagi qarorini harbiy mojaroda ishtirok sifatida qabul qiladi.

Hozirda Ukraina ustidan faqat fuqaro aviatsiyasining parvozlari taqiqlangan.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

168

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing