G‘arb urushni tugatish bo‘yicha Ukrainasiz muzokaralar o‘tkazmoqda – OAV

Olam

image

AQSH, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya vakillari so‘nggi bir necha hafta davomida muntazam ravishda uchrashib, Ukrainadagi urushni muzokaralar yo‘li bilan tugatish rejasini muhokama qilmoqda. Bu haqda CNN bir nechta manbalarga tayanib xabar berdi. 

Telekanal suhbatdoshlarining aytishicha, muzokaralarda Italiyaning tinchlik o‘rnatish bo‘yicha rejasi muhokama qilingan.

Ukraina ushbu muhokamalarda bevosita ishtirok etmayotgani aytilmoqda. CNN’ning ta’kidlashicha, bu vaziyat AQSH rasmiylarining “Ukrainasiz Ukraina haqida hech narsa”, degan bayonotlariga ziddir. Shu bilan birga, Qo‘shma Shtatlar Ukrainani Rossiya bilan muzokaralarga undab, ma’lum reja ustida turib olmagani qo‘shimcha qilingan.

Nashrning yozishicha, gap Ukrainaga keyingi muhokamalarda taklif qilinishi mumkin bo‘lgan tinchlik rejasining taxminiy parametrlari ustida ketmoqda. Biroq telekanal manbalari Ukraina hududiy yon berishlarni nazarda tutuvchi har qanday kelishuvga tayyor emas, degan fikrda. Shu bilan birga, CNN telekanalining ikki manbasi Qo‘shma Shtatlar Qrim va Donbassning to‘liq muxtoriyatini nazarda tutuvchi Italiya rejasini qo‘llab-quvvatlamasligini ma’lum qilgan.

AQSH va uning ittifoqchilari tomonidan olib borilayotgan muhokamalar muzokaralarga olib keladimi yoki yo‘qmi, hozircha aniq emas. Telekanalning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar rasmiylari mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilishning real istiqbollarini hali ko‘rmayapti. Ukraina va Rossiya ham jiddiy muzokaralarga unchalik qiziqish bildirmayapti.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyi o‘rtalarida Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenko Ukraina bilan muzokaralar to‘xtatilganini, ular hech qanday shaklda olib borilmayotganini ma’lum qilgandi.

Shundan so‘ng, Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak ham ushbu ma’lumotni tasdiqlab, Kiyev Rossiya dunyodagi siyosiy jarayonlarda salbiy rol o‘ynagani tufayli u bilan muzokaralarni to‘xtatganini aytgandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

 

Nilufar Isroilova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

43

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing