Gaitida qurolli to‘da hujumi oqibatida 70 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
05 Oktabr
2168Kecha, 4 oktyabr kuni markaziy Gaitida qurolli to‘da hujumi oqibatida 70 kishi halok bo‘ldi. Ular orasida uch nafar chaqaloq ham bo‘lgan. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi bayonot berdi.
Ma’lum qilinishicha, kecha, 4 oktyabr kuni “Gran Grif” qurolli to‘dasi a’zolari miltiqlardan foydalanib, kamida 70 kishini, jumladan 10 nafar ayol va uch chaqaloqni o‘ldirgan. Hujum Port-o-Prensdan taxminan 80 kilometr shimolda joylashgan, qishloq xo‘jaligi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Artibonit viloyatining Pont Sonde shahrida sodir bo‘lgan. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bu hududda to‘dalar zo‘ravonligi tobora kengayib bormoqda.
Qayd etilishicha, hujum oqibatida kamida 16 kishi, jumladan, ikki to‘da a’zosi Gaiti politsiyasi bilan otishma chog‘ida jiddiy jarohat olgan. Ular kamida 45 uy va 34 avtomobilni yoqib yuborgan. Zo‘ravonlik tufayli 6 mingdan ortiq odam o‘z uylarini tark etgan.
Gaiti Sog‘liqni saqlash vazirligi voqea joyiga kirish imkoniyatini qiyinlashtirayotgan xavfsizlik vaziyatiga qaramay, voqea bilan bog‘liq javob choralarini ko‘rishga harakat qilayotganini bildirgan.
Mamlakat Bosh vaziri Garri Konil hujumdan jabrlanganlarga hamdardlik bildirgan va huquqni muhofaza qilish organlari javob choralari yanada kuchaytirilishini ma’lum qilgan.
“Bu jirkanch jinoyat, ayollarga, erkaklarga va bolalarga qarshi qilingan hujum emas, balki butun Gaiti xalqiga qarshi qilingan hujumdir”, dedi u.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, “Gran Grif” Artibonitdagi eng kuchli to‘da hisoblanadi. O‘tgan oyda AQSH ushbu to‘daning rahbari deb gumon qilingan Lyukson Elanga nisbatan inson huquqlarining jiddiy buzilishi, jumladan, odam o‘g‘irlash, qotillik, ayollar va bolalarni kaltaklash hamda zo‘rlash ayblovi bilan sanksiya kiritgan. To‘da joriy yilning yanvar oyidan beri kamida 3 661 kishini o‘ldirgan.
Iyun oyida Karib dengizida joylashgan ushbu davlatga xavfsizlikni ta’minlash va qonun ustuvorligini tiklash uchun Xalqaro xavfsizlikni qo‘llab-quvvatlash missiyasining xorijiy xavfsizlik kuchlari kelgan. Sodir bo‘lgan hujumdan so‘ng esa BMT missiya uchun qo‘shimcha moliyaviy va logistik yordam so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Afrikaning Lusikisiki shahridagi ikki uyda sodir bo‘lgan ommaviy otishmada 17 kishi halok bo‘lgan edi.
LiveBarchasi