Gaiti Prezidentini o‘ldirishda ayblanayotgan amerikalik nimalarni reja qilgandi?

Olam

image

Gaiti Prezidenti o‘ldirib ketilganidan so‘ng qo‘lga olingan amerikalik Emmanyuel Sanon hokimiyatga kelish rejasini tuzayotgandi. U o‘zini shifokor va ruhoniy ekanligini ta’kidlab, hokimiyatni egallagunga qadar homiylik qilishi va xavfsizligini ta’minlashi uchun bir necha tadbirkorlar bilan bitim imzolagan. Bu haqda TASS xabar bermoqda. 

Qayd etilishicha, mahalliy huquq-tartibot idoralari Gaiti Prezidenti Jonevel Moizga suiqasd qilishda amerikalik Emmanyuel Sanonni ayblagan. Shundan so‘ng, u Gaitida hibsga olingan. Hibsga olingunga qadar u hokimiyatni egallashni rejalashtirayotgandi. Ushbu rejani amalga oshirish jarayonida shaxsiy xavfsizligini ta’minlash uchun “shaxsiy qo‘riqchi” ham yollagan. Kecha, 15 iyul kuni “The Washington Post” gazetasi, shuningdek uning rejasidan boxabar bo‘lgan shaxslar shu kabi ma’lumotlar bilan bo‘lishgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Emmanyuel Sanon AQSHning Florida shtatida o‘z rejasini tuzayotgandi. Floridada u Gaitini qayta qurish rejasini ishlab chiqqan. Ushbu loyihaga u qiymati 83 milliard dollar bo‘lgan sarmoyalar evaziga mamlakatni qashshoqlikdan chiqarib, zamonaviy infratuzilmani yo‘lga qo‘yish kerakligini aytib, atrofiga yetarlicha tarafdorlarini to‘plagan. Ta’kidlanishicha, ushbu reja Floridada yashovchi 70 yoshli nafaqaxo‘r professor Parnell Dyuverje tomonidan ishlab chiqilgan.

Xabarga ko‘ra, Sanon ikki mahalliy ishbilarmon, investor Valter Veyntemile va xavfsizlik  xizmatlari kompaniyasi rahbari Antonio Intriago bilan “xususiy xavfsizlik kompaniyasi”ni moliyalashtirish va tashkil qilinishi to‘g‘risida muzokaralar olib borgan. Muzokaralar natijasiga ko‘ra, qiymati 860 mingdan ortiq bo‘lgan loyiha harajatlarini to‘rtdan uch qismini Veyntemile kompaniyasi, qolgan qismini esa Intriago kompaniyasi qoplab beradi. 

Veyntemile kompaniyasi advokatlarining so‘zlariga ko‘ra, Sanon hech qachon Gaiti Prezidentini o‘ldirish haqida so‘z ochmagan. U faqatgina tinch yo‘l bilan Gaiti aholisi hayotini yaxshilashga uringan.

“The Washington Post” gazetasining ihtiyorida bo‘lgan Sanonning rejalari to‘g‘risidagi hujjatlarda, shuningdek Intriago va Veyntemile bilan tuzilgan rejalarning qoralamasida ham Gaiti Prezidentini o‘ldirish rejasi haqida gap ketmagan. Ushbu gazeta jurnalistlari bilan suhbatga rozilik bildirgan professor Dyuverjenning so‘zlariga ko‘ra, Gaiti Prezidenti Moizening iste’foga chiqishi kutilgan, uning o‘rniga esa Sanon kelishi kerak bo‘lgan.

Gazetaga ko‘ra, o‘zini shifokor va ruhoniy deb ataydigan Sanon oldin Gaitidagi gumanitar jamg‘armaning hamda yevangeliya cherkovi va telekommunikatsiya kompaniyasining asoschisiligini da’vo qilib, bankrotlik to‘g‘risida sudga murojaat qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Gaiti Prezidenti 7 iyulga o‘tar kechasi shaxsiy qarorgohiga qilingan hujumda o‘ldirildi. Hujumda uning rafiqasi Martin Moiz ham jarohat oldi. Keyinchalik uning o‘limi to‘g‘risida ma’lumotlar paydo bo‘ldi, ammo Gaitining Dominikan Respublikasidagi elchixonasi bu xabarlarni rad etdi.  

Keyinchalik, Gaitining AQSHdagi elchisi Bokchit Edmond Respublikaning birinchi xonimi Martin Moiz davolanish uchun Mayamiga olib borilishini ma’lum qildi. 

Ma’lumot o‘rnida, Gaiti Senati (parlamentning yuqori palatasi) o‘z spikeri Jozef Lamberni Respublikaning Prezidenti deb e’lon qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Gaiti

Baholaganlar

149

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing