Fransiyada may oyi namoyishlar bilan boshlandi
Olam
−
01 may 2023 6844 2 daqiqa
Bugun, 1 may kuni Fransiyada pensiya yoshini ikki yilga oshirishni nazarda tutuvchi pensiya islohotiga qarshi ommaviy aksiyalarning yangi to‘lqini boshlandi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Yirik kasaba uyushmalari chaqirig‘i bilan tashkil etilgan aksiyalar ham poytaxt Parijda, ham mamlakatning boshqa ko‘plab shaharlarida, jumladan, Stratsburg, Marsel, Tuluza, Vann, Ruan va Rennda o‘tkazildi.

Manbaga ko‘ra, namoyishlarda 1 milliondan ortiq odam qatnashishi kutilmoqda. Huquq va tartibni ta’minlash uchun jami 12 ming politsiyachi jalb qilingan bo‘lib, ulardan 5 ming nafari Parijga joylashtirilgan.
Parij transport agentligi RATP noroziliklarga javoban ko‘plab temir yo‘l vokzallarini yopgan. Bundan tashqari, reyslar 25-30 foizga qisqarishi ham kutilmoqda.

Mahalliy nashrlar mamlakat Ichki ishlar vaziri Jerald Darmanen politsiya boshliqlariga namoyishlar vaqtida razvedka ma’lumotlarini yig‘ish uchun dronlardan foydalanishni buyurganini yozmoqda. Bordo shahri sudiga ham politsiyaning namoyishlar paytida dronlardan foydalangani haqidagi shikoyatlar kelib tushgan, biroq sud buni rad etgan.
Parij politsiyasi rahbari Loran Nunes esa namoyishlarda 2000 ga yaqin o‘ta chap jangari ishtirok etishi mumkinligi haqida ma’lumot olganini aytgan. Unga ko‘ra, bu jangarilarning bir qismi xorijdan keladi va namoyishlar vaqtida zo‘ravonlik qilishga qaratilgan. Shuningdek, Nunes namoyishlar chog‘ida zo‘ravonlik qilganlarga qattiq javob berishga va’da bergan.

Mamlakatdagi eng yirik kasaba uyushmalaridan biri – CGT rahbari Sofi Binet hukumatni namoyishlarda politsiyani provokatsiya qilmaslikka chaqirgan. Mehnat vaziri Oliviyer Dussaud esa yaqin kunlarda hukumat bilan muzokaralarni boshlash uchun CGT vakillariga taklifnoma yuborishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Fransiyada pensiya yoshini 62 dan 64 ga ko‘taradigan va bir qator maxsus pensiya rejimlarini bekor qiladigan islohot loyihasi yanvar oyida taqdim etilgan edi. Bu tashabbus butun mamlakat bo‘ylab namoyishlar va ish tashlashlarga sabab bo‘ldi. 16 mart kuni Fransiya Bosh vaziri Elizabet Born parlamentni chetlab o‘tib, hukumat mas’uliyati ostida pensiya tizimiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi qabul qilinganini e’lon qildi. Kasaba uyushmalari va muxolif siyosiy partiyalar vakillari hukumatning bu harakatini qoralab, hukumat islohotlarni bekor qilmaguncha ish tashlashlarni davom ettirishga chaqirdi. Shu kungacha butun Fransiya bo‘ylab mazkur islohotga qarshi 12 marta namoyish o‘tkazilgan, ular ba’zi fojiaviy oqibatlarga olib kelgan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr