Fransiyada 12-norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi
Olam
−
13 aprel 2023
4755Bugun, 13 aprel kuni Fransiyadagi kasaba uyushma markazlari respublika Konstitutsiyaviy kengashi tomonidan ertaga, 14 aprel kuni pensiya islohotining qonuniyligi to‘g‘risidagi qaror qabul qilinishi oldidan 12-umummilliy norozilik namoyishini o‘tkazdi. Bu haqda “France 24” xabar berdi.
Namoyishchilar dastlab mamlakat poytaxti markazidagi Opera national de Paris majmuasi yonidagi maydoniga to‘plangan. Keyin soat 14:00 (Toshkent vaqti bilan 17:00) da namoyishchilar Parijning sharqiy qismidagi Bastiliya maydoniga yurishni boshlagan.
Miting ishtirokchilari hukumatni islohotdan voz kechishga va Konstitutsiyaviy kengashni uni noqonuniy deb tan olishga chaqiruvchi plakatlarni ushlab turgan. Namoyishchilar petardalarni portlatib, pirotexnika ishlatgan.
Huquq-tartibot xodimlarining prognozlariga ko‘ra, Parijdagi harakatlarda 40 dan 70 minggacha kishi qatnashishi kutilmoqda. Butun mamlakat bo‘ylab esa 600 mingga yaqin odam ko‘chalarga chiqishi mumkin.
Namoyishlar Parijdan tashqari Bordo, Lion, Marsel, Monpele, Nant, Stratsburg, Renn, Tuluza va Fransiyaning boshqa shaharlarida bo‘lib o‘tmoqda.
12-milliy norozilik namoyishi munosabati bilan Parij axlat yig‘uvchilari ham ish tashlagan. Poytaxtda chiqindilarni yig‘ish uchun mas’ul bo‘lgan munitsipal ishchilar poytaxt ko‘chalarini jamoat chiqindixonasiga aylantirib, pensiya islohoti to‘g‘risidagi qonun bekor qilinmaguncha ish tashlashni davom ettirish niyatida ekanini bildirgan.
Umumiy mehnat konfederatsiyasi kasaba uyushmasi markazi rahbari Sofi Binet Parijning janubiy chekkasidagi chiqindilarni yoqish zavodi hududida bo‘layotgan axlat yig‘uvchilarning namoyishiga borgan va bu norozilikning oxirgi kuni emasligi, ular hali ko‘p uchrashishini aytgan.
“Ayrim kasb egalari 60 yildan keyin ishlashni davom ettira olmaydi”, degan u namoyishchilarni qo‘llab.
Bunday ish tashlash 6-29 mart kunlari ham bo‘lib o‘tgan, oqibatda Parij ko‘chalarida 10 ming tonnagacha chiqindilar to‘planib qolgan edi.
Bundan tashqari, Fransiya g‘arbidagi Donj va mamlakat janubi-sharqidagi La Mede shahridagi Total Energies neftni qayta ishlash zavodlari xodimlari ham ish tashlashga qo‘shildi. Xususan, Donj kommunasida neftni qayta ishlash zavodi faoliyatiga mas’ul bo‘lgan xodimlarning 85 foizi ish tashlashni qayta boshlash uchun ovoz bergan.
Mamlakatda davom etayotgan norozilik kayfiyati ayrim viloyatlaridagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida benzin taqchilligiga sabab bo‘lgan. Xususan, Il-de-Frans mintaqasidagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarining 32 foizida tanqislik mavjud bo‘lsa, mamlakatning markaziy qismidagi Luara vodiysida bu ko‘rsatkich 27 foizni tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, Fransiyada pensiya yoshini 62 dan 64 ga ko‘taradigan va bir qator maxsus pensiya rejimlarini bekor qiladigan islohot loyihasi yanvar oyida taqdim etilgan edi. Bu tashabbus butun mamlakat bo‘ylab namoyishlar va ish tashlashlarga sabab bo‘ldi. 16 mart kuni Fransiya Bosh vaziri Elizabet Born parlamentni chetlab o‘tib, hukumat mas’uliyati ostida pensiya tizimiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi qabul qilinganini e’lon qildi. Kasaba uyushmalari va muxolif siyosiy partiyalar vakillari hukumatning bu harakatini qoralab, hukumat islohotlarni bekor qilmaguncha ish tashlashlarni davom ettirishga chaqirdi.
LiveBarchasi