Fransiya va Germaniya TIV rahbarlari Jo‘loniy bilan muzokara o‘tkazdi (video)

Olam

image
Berbok va Barro kutilmaganda Suriyaga bordi north_east

Berbok va Barro kutilmaganda Suriyaga bordi

Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok va Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro bugun, 3 yanvar kuni Damashqda Suriyaning amaldagi rahbari Ahmad ash-Sharo (Abu Muhammad al-Jo‘loniy laqabi bilan mashhur) bilan uchrashuvda Yevropa Ittifoqi Suriyada hokimiyatning tinch va inklyuziv tarzda o‘zgarishi tarafdori ekanini bildirdi.

Berbok va Barro Yevropa Ittifoqi nomidan Suriya poytaxtida muzokaralar o‘tkazdi. Safar davomida ular Damashq yaqinida joylashgan, ag‘darilgan Bashar Asad rejimining vahshiyliklari timsoliga aylangan Saydnaya qamoqxonasiga tashrif buyurdi. Huquq himoyachilariga ko‘ra, hukumat almashganidan keyin 4000 dan ortiq mahbus ozod etilgan.

Damashqda so‘zlagan Barro "suveren, barqaror va tinch" Suriyaga umid bildirdi. Berbok esa Germaniya Suriyaning "ishlayotgan davlat"ga aylanishiga yordam bermoqchi ekanligini ta’kidlab, tashrifni Suriya va Germaniya, shuningdek, butun Yevropa o‘rtasida yangi munosabatlar o‘rnatish imkoniyati haqida Damashqqa "aniq signal" sifatida baholadi.

Suriyada hokimiyat tepasiga kelgan, tarixan "Al-Qoida"ning Suriyadagi bo‘limi bilan bog‘langan va ko‘plab davlatlar tomonidan terrorchi tashkilot sifatida tasniflangan "Hayat Tahrir ash-Shom" (HTSH) tashkilotiga nisbatan “shubhali qarashlarga” qaramay, Berbok “Suriya xalqini ushbu muhim chorrahada qo‘llab-quvvatlash imkoniyatini boy bermaslik kerak”ligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Berlin “hokimiyatning inklyuziv va tinch yo‘l bilan o‘tkazilishini” hamda Suriyada fuqarolik yarashuvini qo‘llab-quvvatlashga tayyor.

Berbok Suriyaning yangi ma’muriyatini "aholi guruhlariga qarshi qasos olish harakatlari", saylovlarni kechiktirish hamda sud va ta’lim tizimini "islomlashtirish" urinishlaridan qochishga chaqirdi.

Safar avvalida Barro Suriyadagi nasroniy jamiyatlari vakillari bilan uchrashdi. Diplomatik manbalarning bildirishicha, Barro nasroniy yetakchilarga Fransiya Suriyada plyuralizm tarafdori ekanini, bu mamlakatdagi barcha guruhlar, jumladan, diniy ozchiliklar uchun ham teng huquqlar mavjudligini aytdi. U, shuningdek, asosan Suriya shimoli-sharqini nazorat qiluvchi kurdlar bilan bog‘liq muammolarni “siyosiy yechim”ga chaqirdi.

Bundan tashqari, Barro Damashqda bo‘lganida Suriyaning yangi hukumatini Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti (KQTT) bilan imkon qadar tezroq aloqaga kirishishga va unga Asad hukumati kimyoviy qurol arsenallarini tekshirish va yo‘q qilish imkoniyatini berishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil oxirida Suriyaning yangi rahbari Ahmad ash-Sharo (Muhammad al-Jo‘loniy nomi bilan tanilgan) mamlakat poytaxti Damashqda Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokaralar o‘tkazgan edi. Ushbu uchrashuv Ukraina tomonidan Suriyaga “Ukrainadan don” tashabbusi doirasida birinchi gumanitar oziq-ovqat yordamining yuborilishi bilan bir vaqtda bo‘lib o‘tgan.

Joriy yilning ilk kunlarida esa Suriya tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Asad Hasan ash-Shiboniy boshchiligidagi muvaqqat hukumat delegatsiyasi Saudiya Arabistoniga bordi. Ularni mamlakat poytaxti Ar-Riyoddagi Qirol Xolid xalqaro aeroportida Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Valid ibn Abdulkarim al-Xireyjiy kutib oldi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Frantsiya Suriya Annalena Berbok Damashq Jan-Noel' Barro Ahmad ash-Sharo Abu Muhammad al-Jo'loniy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing