Berbok va Barro kutilmaganda Suriyaga bordi

Olam

image

Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok va uning fransiyalik mavqedoshi Jan-Noel Barro kutilmagan tashrif bilan Damashqqa bordi. Bu haqda har ikki davlat Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Berbok va Barro Suriyaning yangi rahbariyati tomonidan Damashqda qabul qilingan yirik G‘arb davlatlarining birinchi Tashqi ishlar vazirlaridir. Berbok Berlindan jo‘nab ketishidan oldin e’lon qilingan Germaniya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida ular tashrifni “Yevropa Ittifoqi nomidan” amalga oshirayotgani aytilgan.

Hujjatda aytilishicha, Germaniya Suriyaga “hokimiyatni inklyuziv, tinch yo‘l bilan topshirish, ijtimoiy yarashuvga erishish va mamlakatni qayta qurish”da yordam berish niyatida. Xususan, 2024 yilning 30 dekabr kuni Germaniyaning Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish vaziri Svenya Shulse “Redaktionsnetzwerk Deutschland” nashriga bergan intervyusida Germaniya federal hukumati Suriyaga yordam beradigan bir qancha loyihalarda ishtirok etadi hamda bu maqsadlar uchun jami 60 million yevro ajratilishini ma’lum qilgandi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bu pullar Suriya rasmiylariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuborilmaydi. Shulsening ta’kidlashicha, Suriyada Bashar Asad rejimi qulagandan keyin gumanitar vaziyat halokatli holatda qolib ketmoqda, mamlakat aholisining 90 foizi qashshoqlikda yashaydi va insonparvarlik yordamiga muhtoj. 2011 yildan beri davom etgan fuqarolar urushi paytida mahalliy infratuzilmaning katta qismi vayron qilingan.

Annalena Berbokning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya va Suriya, shuningdek, butun Yevropa va Suriya o‘rtasidagi munosabatlar yangilanishi mumkin, ammo bu Damashqdagi yangi rahbarlarning bergan aniq umidlari bilan bog‘liq. Bu, shuningdek, Suriyadagi ayollar va erkaklar, shuningdek, mamlakatdagi barcha etnik yoki diniy guruhlar uchun teng huquqlarni nazarda tutadi.

Berbok va Barroning tashrifi oldidan Germaniya Tashqi ishlar vazirligining Yaqin Sharq bo‘yicha komissari Tobias Tunkel boshchiligidagi bir guruh nemis diplomatlari 17 dekabr kuni Damashqda Ahmad ash-Sharo bilan uchrashdi. Yevropa Ittifoqi ham Suriyaning yangi rasmiylari bilan aloqa o‘rnatishga kirishdi. Bryussel nomidan nemis diplomati Maykl Onmaxt dekabr oyining ikkinchi yarmida Damashqqa tashrif buyurgandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya Damashqqa yordam berish uchun ilgari surayotgan shartlarni va sakkiz banddan iborat rejani taqdim etgandi. Bashar Asad rejimi ag‘darilganidan keyin Suriyani qo‘llab-quvvatlash rejasini Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok taqdim etgan. U hokimiyatning tinch yo‘l bilan o‘tkazilishini birinchi va eng muhim nuqta deb atagan.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Frantsiya Tashqi ishlar vazirlari Annalena Berbok Jan-Noel' Barro

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing