Fransiya Usmonovning ikkita vertolyotini xatladi
Olam
−
01 aprel 2022
8044Fransiya hukumati rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning ikkita vertolyotini hibsga oldi. Bu haqda “Forbes” xabar bermoqda.
“Ikkita vertolyot – bort raqami M-DLBR bo‘lgan Airbus EC-175 va bort raqami M-DLBA bo‘lgan Eurocopter EC-155 mos ravishda 22 mart kuni Le Kastelleda va 25 mart kuni Monte-Karloda xatlandi”, deb yozadi nashr.
Ma’lumotni Fransiya Moliya vazirligi vakili tasdiqlagan.
Oligarx vakilining aytishicha, Usmonovda endi vertolyotlar yo‘q, chunki ular qaytarib bo‘lmaydigan ishonchli shaxslarga o‘tkazilgan. Mulkni ishonchli shaxslarga o‘tkazish jarayoni ko‘p yillar avval boshlangan va uning sanksiyalar yoki boylikni yashirish bilan aloqasi yo‘q.
Ma’lumot o‘rnida, Italiyada rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning umumiy qiymati 80 mln yevrodan yuqori bo‘lgan aktivlari musodara qilingan.
Shuningdek, Germaniya rasmiylari ham Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida qolgan rossiyalik milliarder Alisher Usmonovdan 156 metrlik yaxtani musodara qilgani haqida aytilgandi. Ammo ma’lumot keyinroq inkor etildi.