Britaniya Qirg‘izistonning 3 ta kompaniyasini “qora ro‘yxat”ga tiqdi
Olam
−
21:43 533 2 daqiqa
Buyuk Britaniya joriy yilning 8 oktyabr kuni Qirg‘izistonda ro‘yxatdan o‘tgan uchta kompaniyaga va ulardan birining direktori Ulan Bukabayevga qarshi sanksiya kiritdi. Ularning barchasi Rossiyaga qarshi Britaniya cheklovlari doirasida sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. Bu haqda “Economist.kg” xabar berdi.
Qayd etilishicha, sanksiyalar ostiga “Protsessing KeyDji” AJ, “TokenSpot” YOAJ, “Sunami Peyments” MCHJ hamda “Protsessing KeyDji” rahbari Ulan Bukabayev tushgan. Cheklovlar kompaniyalar aktivlarini muzlatishni, bir qator moliyaviy operatsiyalarni hamda ba’zi xizmatlarni ko‘rsatishni taqiqlashni nazarda tutadi.
Britaniya banklariga ushbu tuzilmalar bilan vakillik munosabatlarini o‘rnatish, moliyaviy tashkilotlarga esa ularning manziliga, ulardan yoki ular orqali to‘lovlarni amalga oshirish taqiqlanadi. London ushbu kompaniyalarning faoliyati Rossiya rasmiylariga naf keltirishi yoki ularni qo‘llab-quvvatlashi mumkin deb hisoblaydi.
Ro‘yxatdagi eng e’tiborli figurant – “Protsessing KeyDji” bo‘lib, britan rasmiylari Qirg‘iziston Moliya vazirligini uning bosh tashkiloti deb atamoqda. “Economist.kg” ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning iyul oyida vazirlik kompaniyaning yagona aksiyadoriga aylangan.
“Protsessing KeyDji” VexPay to‘lov platformasini – Qirg‘iziston hukumati tomonidan ta’minlangan veksellardan foydalangan holda xalqaro savdo uchun xizmat ko‘rsatish tizimini rivojlantirmoqda. Kompaniya ularni chiqarish, o‘tkazish va hisob-kitob qilish bilan shug‘ullanadi. Britaniyaning sanksiya hujjatida u bilan bog‘liq saytlar orasida “vexpay.net” ko‘rsatilgan.
2025 yilning yozida Bukabayev yangi protsessing markazi savdo-moliyaviy operatsiyalarga xizmat ko‘rsatishini va xalqaro moliyaviy xabarlar uzatish tizimi bo‘lmish SWIFT’ning analogiga aylanishini bayon qilgan.
Avvalroq, “Financial Times” Rossiyaning A7 tarmog‘i vakillari 2025 yilning aprel oyida VexPay’ni Qirg‘iziston mulozimlariga SWIFT’ga muqobil sifatida taqdim etgani haqida xabar bergan. Qirg‘iziston Moliya vazirligi va “Protsessing KeyDji” platforma ustidan tashqi nazorat mavjudligi haqidagi da’volarni rad etgan. Bukabayevga nisbatan ham shaxsiy cheklovlar kiritilgan: unga Buyuk Britaniyaga kirish taqiqlangan va rahbarlik lavozimlarini egallash imkoniyati cheklangan.
Shuningdek, “TokenSpot” – Bishkekda ro‘yxatdan o‘tgan hamda Rossiya va boshqa MDH mamlakatlaridan bo‘lgan foydalanuvchilarga mo‘ljallangan kriptovalyuta birjasidir. Uning platformasida rubl va boshqa valyutalarga kriptovalyuta sotib olish va sotish, mablag‘larni to‘ldirish va yechib olishning bank usullaridan foydalanish, shuningdek, spot va fyuchers bozorlarida savdo qilish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxatini o‘z tarixidagi eng yirik bir martalik kengaytirishni kelishib olgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi