Fransiya Ukrainaga har oy 50 tadan AASM bombalarini yetkazib beradi
Olam
−
18 yanvar
4595Fransiya Ukrainaga 2024 yil davomida har oy Sovet samolyotlari uchun moslashtirilgan 50 ta AASM bombasini yetkazib bermoqchi. Bu haqda respublika Qurolli kuchlari vaziri Sebastyan Lekornyu “France Inter” radiostansiyasi efirida aytib o‘tdi.
"Juda muhim element – biz AASM bombalarini yetkazib berishni boshlaymiz. Biz ularni Sovet "MiG" va "Suxoy" samolyotlari uchun moslashtira oldik. 2024 yil yanvar oyidan boshlab oyiga 50 tadan bomba yetkazib beramiz", deydi vazir.
Uning qo‘shimcha qilishicha, fevral oyidan boshlab Parij Kiyevga avvalgidek 2 ming emas, balki oyiga 3 ming dona snaryad yetkazib berishni boshlaydi.
Qurolli kuchlar vaziridan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron e’lon qilgan qo‘shimcha SCALP raketalarini yetkazib berish qachon boshlanishi haqida ham so‘ralgan. Biroq Lekornyu “xavfsizlik nuqtai nazaridan” yetkazib berish jadvalini oshkor etishdan bosh tortgan.
Ma’lumot uchun, bugun, 18 yanvar kuni artilleriya snaryadlarini yetkazib berish bo‘yicha Lekornyu bilan muzokara o‘tkazish uchun Fransiya poytaxtiga borishi kerak bo‘lgan Ukraina Mudofaa vaziri Rustam Umarovning Parijga tashrifi ham “xavfsizlik nuqtai nazaridan” bekor qilingan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 17 yanvar kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron fevral oyida Ukrainaga tashrif buyurishini va yangi harbiy yordam paketini, shu jumladan SCALP – havodan uchiriladigan qanotli raketalarini yuborishini e’lon qilgandi.
LiveBarchasi