Ertakni kimga aytyapsiz?

Jamiyat

image

O‘tgan hafta QALAMPIR.UZ`da Yashnobod tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod  Zufarov va tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i Viloyat Akromovaning telefondagi o‘zaro suhbati aks etgan audionutq bo‘yicha jurnalistik surishtiruv e’lon qilingan edi. 

Mazkur holat bo‘yicha Toshkent shahar hokimligi va Toshkent shahar MTB hamkorligida maxsus komissiya tuzildi. Hokimlik bunday holatlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishi, lozim bo‘lsa, mansabdorlar ishdan bo‘shatilishini ma’lum qilgan bir paytda Maktabgacha ta’lim vazirligi qayd etilgan holatga kutilmagan va "jonsiz" munosabat bildirib chiqdi. 

Maktabgacha ta’lim vazirligi rasmiy bayonotida shunday deyiladi: 

“2019 yil iyulida internet tarmog‘ida audio xabar keng tarqaldi. Unda Yashnobod tumani hokim o‘rinbosari tomonidan Yashnobod tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiriga barcha mudirlarni tong saharlab aytilgan joyga olib chiqish hamda nazorat qiluvchi idoralar uchun ma’lumotlarni soxtalashtirish maqsadida qo‘shimcha yangi mahsulotlar xarid qilish topshirig‘i berilgan.

Toshkent shahar hokimligi o‘z xodimiga nisbatan xizmat tekshiruvi boshlangani haqida xabar berdi.

MTV ham vaziyatni o‘rganib chiqdi. MTV auditorlari hamrohligidagi ishchi guruhi Yashnobod tumani MTTlarni aylanib chiqdi va rejadan tashqari tekshiruv o‘tkazdi. Belgilangan qoidalarga muvofiq, mahsulotlar xaridi hisob varag‘i saqlangan holda va faqat tuman MTB markaziy buxgalteriyasi orqali shaffof amalga oshirilishi kerak. Tekshiruv chog‘ida xarid qoidalarining buzilishi hamda mahsulotlarni o‘z hisobidan yoxud mulozimlar buyrug‘i bilan xarid qilish holati aniqlanmagan. O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, may oyida ro‘y bergan ushbu holatda ham soxtalashtirilgan xarid amalga oshirilmagan”. 

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: qiziq, Maktabgacha ta’lim vazirligi bu bayonotni berishdan avval MTM mudiralarining shaxsiy karmonini ham tekshiruvdan o‘tkazdimikan? Norasmiy berilgan topshiriqqa, albatta, byudjetdagi pullar ishlatilmaydi, buning uchun hisob varag‘i ham tutilmaydi. Ustiga-ustak ular olib kelgan mahsulotlarini tekshiruv kelib-ketgach uyiga olib ketishi mumkin bo‘lgandan keyin, qanaqasiga hisob varag‘i asosida mahsulot xarid qilsinlar? Bo‘lmasa, davlat byudjetidan MTM uchun olingan mahsulotlarni uyiga olib ketgan bo‘lib qoladi-ku. Bu maktab o‘quvchisiga ham kundek ravshan bo‘lib turgan holat, axir. Bugungacha maktab va bog‘cha rahbarlari ta’mirga bo‘yoqni, hovliga ekiladigan gulni hisob varag‘idan xarid qilganmidiki, tekshiruvchini ko‘zini shamg‘alat qilish uchun keltirilishi kerak bo‘lgan mahsulotlarni buxgalter guvohligida hisob varag‘i bilan olsa... Ertakni kimga aytyapsiz?

Bayonotda tuman maktabgacha ta’lim bo‘limining hokim o‘rinbosariga itoatkorligiga nisbatan berilgan ta’rif esa odamni qitiqlaydi. 

“MTV ishchi guruhi olib borilgan harakatlar natijasida shunday xulosaga keldiki, MTT mudiri o‘zining tutishi – qat’iy subordinatsiya odati natijasidir. Bu uning tuman hokimi o‘rinbosari so‘zlariga o‘ylanmay itoatkorlikda javob qaytarganligida ko‘rinadi. Biroq, bu u tomonidan bu ko‘rsatmalarining bajarilganini anglatmaydi”, deyiladi bayonotda. Xo‘sh, buni qanday isbotlaysiz? Subordinatsiya emisha... Hokim o‘rinbosarigaki shu qadar itoat bo‘lsa, hokimning o‘zi bilan suhbatni tasavvur qilsa bo‘ladi. Maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Viloyat Akromova QALAMPIR.UZ bilan suhbatda hokim o‘rinbosari bilan muloqoti yozib olingan audioni o‘zi MTM mudiralarining Telegram`dagi guruhiga tashlaganini aytgandi. Modomiki, u faqat itoat va xo‘p-xo‘p bilan qutulgan, aytilgan ishni bajarmagan bo‘lsa, nega bu suhbatni yozib oladi va Telegram`dagi guruhga nega tashlaydi? Tuman hokimi  o‘rinbosariga, jumladan rahbarlarga qanday itoat qilishni ko‘rib qo‘yinglar deyish uchunmi? Ya’ni Viloyat Akromovaning tinimsiz xo‘plashi, hokim o‘rinbosarining bu tarzda qat’iy buyruq berishi va ohangidan ko‘rinib turibdiki, bu hol birinchisi emas. Qolaversa, Viloyat Akromova QALAMPIR.UZ tahririyatiga tashrifi, jurnalistlar bilan muloqoti davomida bunday topshiriqlar bo‘lib turishini tan olib, buni tabiiy hol sifatida baholagan. 

Maktabgacha ta’lim vazirligi masalaning mohiyatiga yetmadi chog‘i, guruch qolib, moshga yopishdi. Matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan xabarda Toshkent shahar hokimligi va Toshkent shahar Maktabgacha ta’lim bosh boshqarmasi tomonidan MTMlarda oziq-ovqatlar sifati ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida choralar ishlab chiqilganini ta’kidladi. Jurnalistik surishtiruvda gap oziq-ovqat sifati haqida emas, ko‘zbo‘yamachilik, MTM mudiralarining tekshiruv kelganda omborni to‘ldirib qo‘yishi va kech tushganda olib kelgan mahsulotlarini uyiga olib ketishi, bu yuzasidan buyruqni esa tuman hokimi o‘rinbosari berayotgani haqida ketayotgandi. MTV bir masalani hal etmay turib, ikkinchisiga yopishyapti. Kim biladi, yana qanchadan qancha tumanlarda Maktabgacha ta’lim bo‘limi mudirlari hokim va uning o‘rinbosarlarining og‘zidan chiqqanini muhayyo qilish bilan band ekan... 

Darvoqe, Toshkent shahar hokimligi va Toshkent shahar maktabgacha ta’lim bosh boshqarmasi Maktabgacha ta’lim tashkilotida oziq-ovqatlar sifati ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida quyidagi choralarni ishlab chiqdi:

“1. Ichki foydalanish uchun Telegram-kanal tashkil etilib, uning vositasida Toshkent shahar MTBBda mahsulotlar sifati va taomlar tayyorlanishini nazorat qiladi. Toshkentning barcha MTTlarda har kuni ushbu kanalga foto va video materiallar yuboradi.

2. Ota-onalar bilan MTTda taomlar sifatiga doir so‘rovlar va doimiy uchrashuvlar amaliyoti joriy qilinmoqda”.

Maktabgacha ta’lim vazirligi bayonotida ta’kidlanishicha, MTV shahar va tuman hokimiyat idoralari – hokimliklar bilan poytaxt va viloyatlarda MTTlar ahvolini yaxshilash sohasida qalin hamkorlik qilmoqda va kelgusida hamkorlikni davom ettirishni maqsad qilgan.

Vazirlik bayonot so‘nggida asl maqsadini yanada ochiqladi. Jumlalalardan shuni payqash mumkinki, jurnalistik surishtiruv va boshqa turdagi axborotlarni MTV axborot xuruji deb atagan. (!) 

“OAVda e’lon qilingan audioyozuv va boshqa turdagi  axborot xurujlari ikki tuzilma o‘rtasidagi kelishmovchilikka sabab bo‘lmasligi kerak. Shuningdek, Maktabgacha ta’lim vazirligi o‘zlarining funksional majburiyatlarini buzgan va bolalar salomatligini xavf ostiga qo‘ygan rahbarlarga nisbatan qat’iy choralar qo‘llashda davom etadi. Hokimiyatlar va hududiy bo‘linmalarning uyg‘un hamkorligi natijasidagina joylardagi islohotlar o‘z samarasini beradi”.

Biz OAV o‘laroq Maktabagacha ta’lim vaziri buyrug‘i bilan lavozimga tayinlangan tuman maktabgacha bo‘lim mudirlari va ular ortidan MTM mudiralarini hokim va hokim o‘rinbosarlarining tazyiqlari, ko‘zbo‘yamachilikka yo‘g‘rilgan buyruqbozligidan nari tutishga harakat qilsagu shuncha mehnatimiz, OAVning to‘rtinchi hokimiyat bo‘lish, Prezident topshiriqlarini bajarib, unga yordam berish yo‘lidagi sa’y-harakatlari axborot xuruji deb baholansa... Bundan chiqdi hokimiyatlar  va hududiy bo‘linmalarning uyg‘un hamkorligi natijasi ko‘zbo‘yamachilik va OAV bunga jim qarab turishi ekan-da? Gapirsang bir dard, gapirmasang yana bir dard! 

Yashnoboddagi holatga xulosa qilmaymiz...

Shu o‘rinda Yashnobod tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod  Zufarov va tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i Viloyat Akromovaning suhbatini yana bir bor eshitib ko‘rishni tasviya etamiz. 

 


Maqola muallifi

Teglar

Maktabgacha ta'lim vazirligi Yashnobod voqeasi

Baholaganlar

95

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing