Eronda Isroil foydasiga josuslikda ayblangan to‘rt kishi qatl qilindi
Olam
−
29 yanvar
4266Eronda to‘rt kishi Isroil foydasiga josuslik qilish va respublika milliy xavfsizligiga putur yetkazish maqsadida terrorchilik guruhi tuzishda ayblanib qatl etildi. Bu haqda Eron Razvedka vazirligiga tayanib, “Mehr” agentligi xabar berdi.
Bugun, 29 yanvar kuni ertalab Mossadga aloqador guruhning to‘rt nafar a’zosiga nisbatan o‘lim hukmi ijro etilgan. Ular mamlakatga Iroq orqali kirib kelgan bo‘lib, 2023 yilda Isfaxon viloyatining Najafobod shahridagi raketa zavodiga portlovchi moslama o‘rnatish bo‘yicha operatsiya o‘tkazganlikda gumonlanib, hibsga olingan.
Ta’kidlanishicha, guruh a’zolari Mossad tomonidan Komala tashkilotining yuqori martabali a’zosi orqali yollangan. Eron huquq-tartibot idoralari vakillarining so‘zlariga ko‘ra, ular Afrikaning bir qator davlatlaridagi o‘quv lagerlarida o‘qitish chog‘ida Mossad rahbari Devid Barnea bilan uchrashgan.
2023 yilning 17 sentyabr kuni Eron inqilobiy sudi guruh a’zolarini Isroil razvedkasi bilan hamkorlik qilish va terrorchilik guruhi tuzishda ayblab, o‘limga hukm qildi. Eron Oliy sudi apellyatsiyani rad etib, inqilobiy sud hukmini tasdiqladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil oxirida ham Eronda Isroil razvedka xizmati Mossadga ishlaganlikda ayblanib, 4 kishi qatl etilgandi. Yanvar oyi o‘rtalarida esa Eronning Karaj shahri markaziy qamoqxonasida bir sutkada 11 mahbus, Xurramobod viloyatining Parsilun qamoqxonasida bir mahbus dorga osilgandi.
LiveBarchasi