Eron yana ogohlantirdi. Endi AQSHga qarshi front ochmoqchi
Olam
−
28 Oktabr 2023
28507Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon Vashingtonning Isroilni to‘liq qo‘llab-quvvatlashi AQSHga qarshi yangi frontlar ochilishiga olib kelishi mumkinligini aytdi. Bu haqda u kecha, 27 oktyabr kuni “Bloomberg” agentligiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
"Qo‘shma Shtatlar boshqalarga vazmin bo‘lishni maslahat beradi, biroq ularning o‘zlari Isroilni har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda. Agar AQSH qilgan ishini davom ettirsa, unga qarshi yangi frontlar ochiladi”, degan Eron TIV rahbari.
Vazirning ta’kidlashicha, mojaroning kuchayishi G‘azo sektori aholisining o‘limiga olib keladi va buning oqibatida butun mintaqada vaziyat nazoratdan chiqib ketishi mumkin.
"Amerika tomoni haqiqatan ham urushning avj olishi va yomonlashishini xohlayaptimi yoki yo‘qligini hal qilishi kerak. Yangi frontlarning ochilishi muqarrar va bu Isroilni qilgan harakatlaridan pushaymon bo‘lishiga olib keladi", deydi Eron Tashqi ishlar vaziri.
Uning aytishicha, vaziyat portlash yoqasida turibdi. U hamma narsa bo‘lishi mumkinligi, har qanday front ochilishi mumkinligini istisno etmadi.
"Biz Suriyaga yoki mintaqaning boshqa qismlariga yangi qo‘shinlar yuborganimiz yo‘q. Lekin biz shunchaki nima bo‘layotganini kuzatmaymiz. Eron o‘z milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda harakat qiladi", deya xulosa qiladi Abdullohiyon.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Amir Abdullohiyon BMT Bosh Assambleyasining navbatdan tashqari sessiyasida G‘azodagi qotilliklar davom etsa, uning alangasi boshqalarni ham kuydirishidan ogohlantirgandi. Keyinchalik Pentagon rahbari Lloyd Ostin AQSH qurolli kuchlari Prezident Jo Baydenning buyrug‘iga binoan Suriyadagi Eronga tegishli ikkita harbiy omborga zarba berganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi