Eron Ozarbayjon diplomatlarini persona non grata deb e’lon qildi
Olam
−
05 may 2023
7383Eron Ozarbayjonning Tehrondagi elchixonasi va Tabrizdagi Bosh konsulligining to‘rt nafar xodimini persona non grata, deb e’lon qildi. Bu haqda Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ayxan Hojizoda xabar berdi.
“Ma’lumki, joriy yilning aprel oyi boshida Eronning mamlakatimizdagi elchixonasining to‘rt nafar xodimi diplomatik maqomga to‘g‘ri kelmaydigan va 1961 yildagi Diplomatik munosabatlar to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga zid bo‘lgan faoliyati tufayli Ozarbayjon hukumati tomonidan persona non grata deb e’lon qilingan edi”, deydi Hojizoda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘z navbatida Eron tomoni Ozarbayjonning bu qadamidan bir necha kun o‘tib, hech qanday sababsiz, faqat o‘zaro munosabatlar tamoyiliga ishora qilib, yanvar oyida evakuatsiya qilingan elchixonaning ikki xodimi va Erondagi Bosh konsullikning ikki xodimini persona non grata sifatida e’lon qilgan.
“Mamlakatimizga qarshi qilingan bu qadam ikki tomonlama munosabatlarga putur yetkazadi, bunda qator muammolar mavjud”, degan Hojizoda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 yanvar kuni Ozarbayjonning Tehrondagi elchixonasiga qurolli hujum uyushtirilgani, oqibatda diplomatik missiyaning xavfsizlik bo‘limi boshlig‘i halok bo‘lgani va uning ikki hamkasbi yaralanganini ikki mamlakat orasidagi munosabatlarni sovuqlashtirgandi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev qurolli hujumni qoralab, uni terakt deb atagan va zudlik bilan tergov qilinishini, aybdorlarning jazolanishini talab qildi. 29 yanvar kuni esa mamlakatning Tehrondagi elchixonasi xodimlari va ularning oila a’zolari – jami 53 kishi Bakuga evakuatsiya qilindi. Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Halaf Halafov jurnalistlarga elchixona diplomatik faoliyatini to‘liq to‘xtatganini, biroq Tabrizdagi bosh konsullik normal faoliyat yuritishda davom etishini aytdi. Yaqinda Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramovning Isroilga borgani ortidan munosabatlar yanada keskinlashdi. Eron TIV matbuot kotibi Nosir Kanani Ozarbayjonni Isroil bilan Eronga qarshi harakat qilishga kelishganlikda aybladi. Shundan so‘ng Baku Kananining “haqiqatdan yiroq” bayonotlarini qat’iy qoralab, uning chiqishlari Ozarbayjon-Eron munosabatlarini inqirozga olib borish yo‘lidagi navbatdagi qadam ekanini ta’kidladi. Keyinchalik Eronning Bakudagi elchisi Sayid Abbos Musaviy Eron matbuotida Ozarbayjonga qarshi materiallar chop etilgani munosabati bilan Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi. 6 aprel kuni esa Eronning Bakudagi elchixonasining to‘rt nafar xodimi persona non grata, deb e’lon qilindi.
LiveBarchasi