Tehron Xoniyani o‘ldirish uchun Eron agentlari yollangani haqidagi versiyani rad etdi

Olam

image

Eron Islom inqilobi posbonlari korpusi “Al-Quds” maxsus kuchlari qo‘mondonining razvedka ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Eron parlamentining Milliy xavfsizlik va tashqi siyosat komissiyasining yopiq yig‘ilishida HAMAS harakati siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xoniyaga suiqasd uyushtirish uchun Eron razvedka zobitlarini yollangani haqidagi ma’lumotni rad etdi. Bu haqda parlament komissiyasining rasmiy vakili Ibrohim Rizoiy ma’lum qildi.

“Quds kuchlari qo‘mondon o‘rinbosari shahid Xoniyaning o‘ldirilishi agentlarning kirib kelishi natijasi emasligini va bu voqeada sizib kirish masalasi muhokama qilinmaganini ta’kidladi. Hozirda og‘ir ahvolda bo‘lgan sionistik rejimga hujum qilish uchun keng ko‘lamli qadamlar qo‘yilmoqda. Bugungacha biz mamlakat ichida va tashqarisida “Mossad” josuslik tarmog‘ini aniqlab, yo‘q qildik”, deydi Rizoiy.

Uning qo‘shimcha qilishicha, HAMAS siyosiy byurosi rahbarining o‘limi bilan bog‘liq barcha holatlar bo‘yicha tergov davom etadi. Deputat Eron razvedka xizmatlarining yuqori martabali vakillarining ismlarini oshkor qilmadi.

Eslatib o‘tamiz, Amerikaning “The New York Times” gazetasi Xoniya ikki oy avval o‘z qarorgohiga o‘rnatilgan bomba tufayli halok bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini yozgandi. 3 avgust kuni esa Britaniyaning “The Daily Telegraph” gazetasi o‘z manbalariga tayanib, Isroil razvedka xizmati “Mossad” Tehrondagi HAMAS siyosiy byurosi rahbari istiqomat qilayotgan mehmon uyiga portlovchi moslamalarni joylashtirish uchun Eron xavfsizlik xizmati xodimlarini yollaganini da’vo qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Ismoil Xoniya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing