Erdo‘g‘anning umumiy pul birligini yaratish haqidagi taklifi ortida nima bor?
Tahlil
−
17 fevral 2020
13431Ma’lumki, 2019 yilning 15 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tarixda ilk bor Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida ishtirok etib, nutq so‘zladi.
Prezident O‘zbekiston mazkur tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro turizm aloqalarini rivojlantirish, madaniy yo‘nalishda hamkorlikni mustahkamlash uchun qo‘shilganini ta’kidlagan edi.
QALAMPIR.UZ manbasiga ko‘ra, 2019 yilning 15 oktyabr kuni Baku shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamorlik kengashida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Kengashga a’zo mamlakatlar o‘rtasida umumiy pul birligini yaratish va tovar ayirboshlashda shundan foydalanish haqida so‘z ochgan. Ammo, bu taklif Kengashga a’zo mamlakatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagan. Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida mazkur masala o‘rtaga tashlandi.
“Har bir tashkilotd har xil takliflar bo‘ladi. Har bir taklifni chuqur o‘rganib chiqiladi. Biz bu tashkilotga yaqinda a’zo bo‘ldik. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan buyon 120 dan ortiq xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘lgan. Albatta, har bir tashkilotda O‘zbekistonning o‘z manfaati bor. Unga kirishdan avval, biz rosa o‘rganganmiz. Uning plyus-minus, ijobiy-salbiy tomonlarini o‘rganganimizdan keyin, o‘zimizning manfaatimizni ko‘zlagan holda kirganmiz. Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga ham shu maqsadda kirdik. Bizning asosiy maqsadimiz – investitsiya va turistlarni olib kelish, eksportni rivojlantirish. A’zo davlatlarning bu boradagi salohiyati kuchli. U yerda qanday taklif bo‘lmasin, Turkiya taklif beradimi, Ozarbayjon yoki Qozog‘iston, Qirg‘iziston taklif beradimi, albatta, bu taklif chuqur o‘rganib chiqilgandan keyin O‘zbekiston manfaatiga javob beradigan bo‘lsa, qaror qabul qilinadi”, deydi Ilhom Ne’matov.
Ayni vaqtda Turkiyaning qator mamlakatlar bilan munosabatlari ziddiyatli tus olib bormoqda. Jumladan, AQSH bilan aloqalarning taranglashuvi ortidan Rossiya va Turkiya tovar ayirboshlashni milliy valyutada amalga oshirishni kelishib oldilar. Biroq, bu reja boshqa mamlakatlar kutilganidek natija bergani yo‘q.
O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo bo‘lishi hech qanday harbiy va siyosiy bloklarni nazarda tutmasligi avval boshdanoq belgilab qo‘yilgan edi. Xususan, bundan bir necha oy avval Strategik tadqiqotlar instituti direktori Sanjar Valiyev bu haqda shunday degandi:
“Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi Markaziy Osiyoda ham, Kavkazda ham mintaqalararo xavfsizlikni saqlash sohasida o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini ta’minlaydi. Bu hech qanday harbiy-siyosiy blokni nazarda tutmaydi. Aksincha, bu huquqni muhofaza qilish organlari va xavfsizlikni ta’minlaydigan maxsus xizmatlarning o‘zaro hamkorligi degani”.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 14 sentyabr kuni “Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan Bitimini (Naxichevan, 2009 yil 3 oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonunni imzoladi.
O‘sha vaqtgacha 4 ta davlat – Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi (TDHK) a’zolari sanalar edi. Tashkilot tarkibi turkiy tilli davlatlarning rahbarlari Kengashi, Tashqi ishlar vazirlari kengashi, Katta mansabdor shaxslari qo‘mitasi, Oqsoqollari kengashi va Kotibiyatdan tashkil topgan. Kotibiyat Istanbul shahrida (Turkiya Respublikasi) joylashgan.
Tashkilot 2009 yil 3 oktyabrda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan Bitimiga muvofiq tashkil etilgan.
Har yili Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi tomonidan a’zo davlatlar orasida Turk dunyosi madaniy poytaxti tanlab olinadi. Bu yil ushbu maqom Xiva shahriga nasib etdi.
LiveBarchasi