Erdo‘g‘an Jonsonga Finlyandiya va Shvetsiya bilan qanday muammosi borligini aytdi
Olam
−
21 may 2022
7332Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Turkiya Prezidenti ma’muriyatining aloqa bo‘limi xabarida aytiladi.
Muloqot chog‘ida Shvetsiya va Finlyandiyaning NATO a’zolik uchun arizalari va mintaqaviy o‘zgarishlar, jumladan, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urush muhokama qilingan.
Prezident Erdo‘g‘an, Shvetsiya va Finlyandiyaning terror tashkiloti PKK/YPG nazoratidagi tuzilmalar va shaxslar bilan aloqalari katta muammo ekanini aytgan.
Turkiya Prezidentining ta’kidlashicha, Anqara Finlyandiya va Shvetsiya NATO qadriyatlarini qo‘llab-quvvatlashiga va mamlakatning qonuniy manfaatlari hisobga olinishiga ishonch hosil qilishi kerak.
Prezident Erdo‘g‘an, shuningdek, Turkiya jamoatchiligining terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi mamlakatlarning NATOga a’zolik arizasiga nisbatan adolatli munosabatini e’tiborsiz qoldirib bo‘lmasligiga e’tibor qaratgan.
Liderlar ikki tomonlama Turkiya-Britaniya munosabatlarining holati haqida ham fikr almashgan.
Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi.
Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.
Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi. Xususan, Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishi aytildi.
11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala davlatga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.
13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi. Bunga ikki davlat Turkiya terrorchi deb tan PKK'ni ko‘llab-quvvatlashi sabab qilib ko‘rsatildi.
18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya rasman NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdi. Erdo‘g‘an esa Turkiya ushbu ikki davlatning NATOga kirishiga yo‘l qo‘yib, Gretsiya bilan yo‘l qo‘ygan xatosini takrorlamasligini aytdi.