Erdo‘g‘an YeIdan viza bo‘yicha javob kutmoqda
Olam
−
14 iyul 2023
5670Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 14 iyul kuni Yevropa Ittifoqidan Turkiya uchun vizasiz rejimga o‘tish va a’zolikka kirish borasidagi muzokaralarni jonlantirish bo‘yicha javob kutayotganini aytdi. Bu haqda “A Haber” telekanali xabar berdi.
“Hozir biz Yevropa Ittifoqidan javob kutyapmiz. Vilnyusdagi NATO sammiti doirasida biz Yevropa Ittifoqiga a’zo barcha davlatlar rahbarlari bilan bu masalalarni batafsil muhokama qildik. Ularning barchasi bilan bu uchrashuvlarni o‘tkazdik va aytdikki, biz 52 yildan beri eshik oldida kutib turgan Turkiyaga nisbatan ijobiy qadamlar qo‘yilishini istaymiz”, degan Erdo‘g‘an Istanbulda jurnalistlar bilan suhbatda.
Manbada keltirilishicha, Erdo‘g‘anning Yevropa yetakchilari va Yevropa Ittifoqi rahbariyati bilan muloqotlari natijasida Turkiyaning Yevropa integratsiyasi jarayonini faollashtirish bo‘yicha ayrim kelishuvlarga erishilgan. Xususan, Turkiyaning bu boradagi asosiy maqsadlari orasida vizani bekor qilish va Yevropa Ittifoqi Bojxona ittifoqi doirasidagi hamkorlik bor.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Turkiya rasmiylari Shvetsiyaning NATOga 2022 yil may oyida taqdim etgan arizasini tasdiqlashning asosiy sharti terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha Madrid memorandumi majburiyatlarini bajarish bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan edi. Biroq, Turkiya rahbari NATO sammitiga uchishdan oldin Anqaraning YeIga a’zoligi yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlash evaziga Turkiya Shvetsiyaning alyansga qo‘shilish arizasini qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Shundan so‘ng NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg va Amerika Qo‘shma Shtatlari ma’muriyati Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga intilishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shuningdek, AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Prezident Jo Bayden Turkiyaga F-16 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini aytdi.