Erdo‘g‘an O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga sodiqligini aytdi
Jamiyat
−
24 iyul 3855 3 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 24 iyul kuni 68 yoshni qarshilagan Prezident Shavkat Mirziyoyevni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
“Hurmatli Prezident janoblari, aziz qardoshim! Sizni tavallud ayyomingiz munosabati bilan chin qalbimdan tabriklagan holda, Yaratgandan siz, janobi oliylariga sihat-salomatlik va xotirjamlik tilayman”, degan Erdo‘g‘an.
U o‘z qutlovida global sinovlarga qarshi turkiy dunyoning farovonligi va taraqqiyotini ta’minlash maqsadida ikki tomonlama va ko‘p tomonlama platformalarda, xususan, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga sodiq qolishini aytgan.
“Ayni qat’iyat siz, aziz birodarim tomonidan ham baham ko‘rilayotgani menga cheksiz mamnuniyat bag‘ishlaydi. Fursatdan foydalanib, siz, janobi oliylarini tavallud ayyomingiz bilan yana bir bor tabriklab, do‘st va qardosh o‘zbek xalqining taraqqiyoti va tinchligi yo‘lidagi sa’y-harakatlaringiz muvaffaqiyatli davom etishini tilab qolaman”, degan Turkiya yetakchisi.
Ma’lumot uchun, bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 68 yoshga to‘ldi. Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Oliy ma’lumotli, 1981 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Mehnat faoliyatini 1981 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishladi. 1990 yili Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatdi. 1992 yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. 1996-2001 yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001-2003 yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlab, mazkur tuman va viloyatlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi.
Ijro hokimiyatidagi faoliyati bilan bir paytda 1995-2003 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida ham mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi muhim qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etib, samarali faoliyat olib bordi.
Shavkat Mirziyoyev 2003 yilda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri etib tasdiqlandi va ushbu lavozimga yana uch marta – 2005, 2010, 2015 yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlandi.
U 2016, 2021 va 2023 yillarda bo‘lib o‘tgan prezident saylovlarida g‘alaba qozonib, O‘zbekiston Prezidenti etib saylandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov hamda uning otasi, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekiston rahbariga tabrik yo‘llagandi. Prezident Putin esa o‘z qutlovida Prezident Shavkat Mirziyoyev ikki mamlakat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shayotganini ta’kidlagan. Xitoy rahbari Si Szinpin O‘zbekiston bilan munosabatlarga alohida e’tibor qaratishini aytdi. Aliyev o‘z tabrigida Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan siyosat tufayli O‘zbekiston har tomonlama rivojlanib, barcha sohalarda salmoqli yutuqlarga erishgani, iqtisodiy salohiyatini mustahkamlab, xalqaro maydonda katta obro‘-e’tibor qozonganini ta’kidlagan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr