Si Szinpin O‘zbekiston bilan munosabatlarga alohida e’tibor qaratishini aytdi
Jamiyat
−
24 iyul 3979 3 daqiqa
Bugun, 24 iyul kuni Xitoy rahbari Si Szinpin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni tug‘ilgan kuni munosabati bilan tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
XXR Raisi o‘z tabrigida Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratishi hamda ikki davlat o‘rtasida qaror topgan amaliy aloqalar va do‘stlikni yuksak qadrlashini aytgan.
“Hurmatli Prezident janoblari! Tavallud kuningiz munosabati bilan sizga samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman! Sizga mustahkam sog‘lik va farovonlik tilayman!” degan u.
Si Szinpin shuningdek, joriy yilning 17 iyun kuni Qozog‘iston poytaxti Ostonadagi Mustaqillik saroyida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” ikkinchi sammitini eslab, Xitoy bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi har qanday sharoitda ham strategik sheriklik munosabatlarini yangi davrda rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari belgilab olinganini qayd etgan.
“Shanxay hamkorlik tashkilotining Tyanszin sammitida hamda Xitoy xalqining yapon bosqinchilariga qarshi urushidagi g‘alabasi va fashizmga qarshi jahon urushidagi g‘alabasining 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etayotganingiz munosabati bilan sizni Xitoyda qutlashdan mamnunman”, degan Xitoy rahbari.
Ma’lumot uchun, bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 68 yoshga to‘ldi. Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Oliy ma’lumotli, 1981 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Mehnat faoliyatini 1981 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishladi. 1990 yili Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatdi. 1992 yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. 1996-2001 yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001-2003 yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlab, mazkur tuman va viloyatlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi.
Ijro hokimiyatidagi faoliyati bilan bir paytda 1995-2003 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida ham mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi muhim qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etib, samarali faoliyat olib bordi.
Shavkat Mirziyoyev 2003 yilda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri etib tasdiqlandi va ushbu lavozimga yana uch marta – 2005, 2010, 2015 yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlandi.
U 2016, 2021 va 2023 yillarda bo‘lib o‘tgan prezident saylovlarida g‘alaba qozonib, O‘zbekiston Prezidenti etib saylandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov hamda uning otasi, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekiston rahbariga tabrik yo‘llagandi. Prezident Putin esa o‘z qutlovida Prezident Shavkat Mirziyoyev ikki mamlakat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shayotganini ta’kidlagan.
Live
Barchasi