Erdo‘g‘an Rossiya va Ukrainani yarashtirish jarayoni nega to‘xtab qolganini aytdi
Olam
−
19 aprel 2022
18864Ukrainada tinch aholiga qilingan hujumlar Moskva va Kiyev o‘rtasidagi Anqara vositachiligida olib borilayotgan muvaffaqiyatli muzokaralar jarayoniga putur yetkazdi. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ma’lum qildi, deya xabar beradi “Anadolu”.
“Tomonlar muzokaralarda sezilarli yutuqlarga erishdi, biroq Bucha va Irpendan olingan kadrlar, Kramatorsk fuqarolaridan nishon sifatida foydalanilgani bizning harakatlarimizga soya soldi”, deydi Erdo‘g‘an afsus bilan Anqarada xorijiy davlatlar elchilari uchun tashkil etilgan iftorda.
Shu bilan birga, u Turkiya Ukrainadagi jangovar harakatlarni tugatish, Moskva va Kiyev o‘rtasida barqaror tinchlikka erishishga qaratilgan barcha zarur sa’y-harakatlarni davom ettirishini ta’kidladi.
“Ikki qo‘shnimiz o‘rtasida sulhga, keyin esa mustahkam tinchlikka erishish insoniylik nomidan qilingan eng yaxshi ishlardan biri bo‘ladi”, dedi Turkiya rahbari.
Erdo‘g‘an bu urushda g‘oliblar bo‘lmasligini, negaki barcha tomonlar mag‘lub bo‘lishini ta’kidlagan.
“Darhaqiqat, mojarolar davom etar ekan, insoniy yo‘qotishlar ham, iqtisodiy xarajatlar ham ortadi. Bizning dunyomiz katta noaniqlik tomon ketmoqda”, degan Turkiya Prezidenti.
Davlat rahbari Turkiya Istanbuldagi Rossiya-Ukraina muzokaralarida “tomonlar va xalqaro hamjamiyatni qoniqarli” natijaga erishishga intiladi, deb ishontirgan.
Prezident Erdo‘g‘an, Ukraina inqirozining tinch yo‘l bilan, muloqot orqali, Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini saqlab qolish asosida hal etilishi mumkinligiga ishonch bildirgan.
Ma’lumot o‘rnida, Rossiya-Ukraina muzokaralari 28 fevralda, Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy yurishining to‘rtinchi kuni boshlandi. Belarusda bir nechta uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, keyin muzokarachilar video aloqa orqali muloqotni davom ettirdi. 10 mart kuni Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan diplomatik forum doirasida Turkiya Rossiya va Ukraina Tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Dmitriy Kulebaning uchrashuvini tashkil qildi. 29 mart kuni esa Istanbulda yuzma-yuz muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uning yakunlari bo‘yicha Rossiya delegatsiyasi Ukraina tomonidan o‘rganib chiqiladigan va mamlakat rahbariyatiga yetkaziladigan aniq shakllangan pozitsiya va takliflarni oldi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.