Erdo‘g‘an ota makoni Qozog‘istonda qanday kutib olindi? (video)
Olam
−
15:06 3808 2 daqiqa
Kecha, 13 may kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an davlat tashrifi bilan Qozog‘istonga keldi. Uni Ostonadagi Mustaqillik saroyida Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev shaxsan kutib oldi. Bu haqda Oqo‘rda xabar qildi.
Yuqori martabali mehmon sharafiga Qozog‘iston Havo mudofaa kuchlarining qiruvchi samolyotlari namoyish parvozini amalga oshirgan. Samolyotlar ortidan qizil va oq rangli tutun izlarini qoldirib, Turkiya bayrog‘ini aks ettirgan. Shundan so‘ng ikki davlat rahbarlari rasmiy delegatsiya a’zolarini bir-biriga tanishtirgan. Faxriy qorovul rotasi boshlig‘i raport bergan va ikki mamlakat madhiyalari yangragan.

Tor doirada o‘tkazilgan muzokaralarda To‘qayev Erdo‘g‘anni “qadrli birodar” deya qarshi olgan va uning tashrifini tarixiy voqea deb atagan.
“Qozog‘iston va Turkiyani do‘stlik, birodarlik va abadiy sheriklik bog‘lab turadi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida hech qanday qarama-qarshilik yo‘q”, degan Qozog‘iston rahbari.

Erdo‘g‘an esa qozoq xalqining mehmondoo‘stligiga minnatdorlik bildirib, Qozog‘istonni “ota makon” deb atagan.
“Qozog‘iston havo hududiga kirganimizdan boshlab samolyotlar hamrohligida kutib olinishimiz delegatsiyamiz uchun katta hurmat bo‘ldi. Buni unutmaymiz”, degan Turkiya Prezidenti.
Keyinchalik ikki davlat rahbarlari Strategik hamkorlik bo‘yicha Oliy darajadagi kengashning VI yig‘ilishini o‘tkazgan. To‘qayev Qozog‘iston Turkiyani qardosh davlat va ishonchli hamkor sifatida ko‘rishini bildirib, ikki davlat o‘rtasidagi tarixiy rishtalar mustahkam do‘stlik poydevori ekanini qayd etgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya Qozog‘istonning eng yirik investorlaridan biri hisoblanadi. Hozirgacha turk investitsiyalari hajmi 6 milliard dollarga yetgan, Qozog‘istonning Turkiyaga investitsiyalari esa 2,5 milliard dollarga yaqinlashgan. Turkiya, shuningdek, Qozog‘istonning asosiy besh savdo hamkoridan biri sanaladi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport-logistika, mudofaa sanoati, raqamlashtirish va sun’iy intellekt sohalaridagi hamkorlikni muhokama qilgan. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 8,8 foizga oshib, 5,4 milliard dollardan oshgan.
Yig‘ilish yakunida Erdo‘g‘an Qozog‘iston bilan tovar ayirboshlash hajmini uch barobarga oshirib, 15 milliard dollarga yetkazish maqsad qilinganini ma’lum qilgan.
“Savdo, energetika, mudofaa sanoati, transport va logistika sohalaridagi hamkorlikni muhokama qildik. Ikki tomonlama savdo hajmini 15 milliard dollarga yetkazish niyatimizni tasdiqladik”, deydi Turkiya rahbari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rajab Toyib Erdo‘g‘an rafiqasi Emina Erdo‘g‘an bilan birga rasmiy uchrashuvlar o‘tkazish uchun Qozog‘istonga kelgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi