Erdo‘g‘an Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarni yana Turkiyada o‘tkazishni taklif qildi

Olam

image

Turkiya Rossiya-Ukraina tinchlik muzokaralari uchun yana bir bor platforma taqdim etishga tayyor. Bu haqda kecha, 28 fevral kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Albaniyada bo‘lib o‘tgan Janubi-sharqiy Yevropa – Ukraina sammiti ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya tomoni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy tomonidan taklif etilgan tinchlik rejasini “asosan” qo‘llab-quvvatlaydi, biroq tinchlik tashabbuslari muvaffaqiyati uchun har ikki tomonning ishtiroki zarur.

“Biz tinchlik o‘rnatish uchun Istanbulda avval o‘rnatilgan muzokara stolini tiklashga tayyormiz”, degan Erdo‘g‘an.

Shu bilan birga, u ushbu maqsadga erishish uchun barcha diplomatik kanallardan maksimal darajada foydalanish nihoyatda muhim ekanini ta’kidladi.

"Hech bo‘lmaganda tinchlikning umumiy parametrlarini aniqlash bo‘yicha qo‘shma ishni boshlash zarur deb hisoblayman", deya qo‘shimcha qildi Turkiya rahbari.

Ma’lumot uchun, 2022 yil fevralida harbiy harakatlar boshlanganidan ko‘p o‘tmay, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroni hal qilish bo‘yicha muzokaralar boshlangan. Tomonlar bir necha marta Belarusda uchrashgan va bir necha marta videoaloqa orqali gaplashgan. 2022 yil mart oyi oxirida ikki davlat delegatsiyalari Istanbulda uchrashdi. Rossiya muzokarachilari rahbari, Prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy tomonlar muvaffaqiyatga erishganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev xavfsizlik kafolatlari evaziga Ukrainaga neytral maqom ham taklif qilgan. Biroq may oyida Rossiya Tashqi ishlar vazirligi, so‘ngra Ukraina Prezidentining idorasi muzokaralar to‘xtatilganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 28 fevral kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina-Janubi-sharqiy Yevropa sammitida ishtirok etish uchun Albaniya poytaxti Tiranaga yetib borgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Turkiya Rajab Toyib Erdo'g'an Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing