Erdo‘g‘an AQSH elchisiga o‘z eshiklarini yopdi
Olam
−
03 aprel 2023
16143Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an AQSHning Turkiyadagi elchisi Jeffri Fleyk uchun eshiklari yopiqligini aytdi. Uning g‘azablanishiga prezidentlik uchun muxolifat nomzodi, Erdo‘g‘anning asosiy raqibi Kamol Qilichdoro‘g‘li bilan elchining uchrashgani sabab bo‘ldi. Bu haqda kecha, 2 aprel kuni mahalliy “Star” gazetasi xabar berdi.
“Jo Baydenning elchisi Kamolni ziyorat qilmoqda. Uyat, yaxshilab o‘ylang. Siz elchisiz. Bu yerda sizning suhbatdoshingiz — Prezident. Bundan keyin qanday qilib o‘rningizdan turib, Prezident bilan uchrashishni so‘raysiz? Bizning eshiklarimiz u uchun yopiq, endi u kira olmaydi. Nega? U o‘z o‘rnini bilishi kerak”, degan Erdo‘g‘an.
Eslatib o‘tamiz, Turkiyada prezident va parlament saylovlari o‘tkazilishi joriy yilning 14 may sanasiga belgilangan. Unda asosiy nomzod sifatida mamlakatning amaldagi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ishtirok etmoqda. Shuningdek, muxolif partiyalar birlashuvidagi “Millat ittifoqi” koalitsiyasi “Jumhuriyat Xalq” partiyasidan Kamol Qilichdoro‘g‘lini nomzod qilib ko‘rsatgan. Bundan tashqari, “Vatan” partiyasidan Muharram Inje va “Ajdodlar” Alyansidan Sinan Og‘an ham yetarlicha imzo to‘plab, nomzodlar ro‘yxatiga qo‘shilgan. “Yaxshilik”, “Da’vo” va “Vatan” partiyalari esa Oliy saylov komissiyasiga Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anni bo‘lajak prezidentlik saylovlarida nomzodlar ro‘yxatidan chiqarib tashlash talabi bilan ariza topshirgandi. Ular Erdo‘g‘an prezident sifatida amalda ketma-ket ikkinchi muddatini o‘tayotganini, ikki martadan ortiq saylovlarda qatnashish esa mamlakat Konstitutsiyasiga zid ekanini ta’kidlagan. Biroq Turkiya rasmiylari buni 2017 yilda o‘tkazilgan konstitutsiyaviy referendumdan so‘ng Erdo‘g‘anning prezidentlik muddati nolga qaytarilgani bilan izohlamoqda.
LiveBarchasi