Energetika vazirligi elektr energiyasidagi uzilishlarni “anomal issiq” bilan bog‘ladi
Bu qiziq
−
27 iyul 2023
6932O‘zbekiston Energetika vazirligi elektr tarmoqlaridagi uzilishlarga “anomal issiq” sabab bo‘layotganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mamlakatda elektr energiyasi iste’moli 2022 yilning yozi va 2023 yilning iyul oyidagi rekord ko‘rsatkichlarni yangilagan. Xususan, 2023 yil 26 iyulda Respublika bo‘yicha elektr energiyasi iste’moli 250,7 mln kVt/soatni tashkil etgan. 2022 yilning xuddi shu kunida jami 236,9 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlatilgan bo‘lib, kechagi ko‘rsatkich avvalgi yildagidan 5,8 foizga ko‘proq bo‘lgan.
Bundan oldin 2023 yil 12 iyul kuni Respublika bo‘yicha jami iste’mol 247,5 mln kVt/soatni tashkil etib, rekord ko‘rsatkich yangilangan edi.
Shu bilan birga, 26 iyul kuni elektr energiyasi iste’molining soatlik talabi qariyb 12 300 MVtni tashkil qilgan. Bu 2022 yilning shu kundagi holatiga nisbatan 1 500 MVt (14,1 foiz) ko‘p.
Ma’lumot uchun, 2022 yilda maksimal elektr energiyasi iste’moli 27 iyulda qayd etilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 239 mln kVt/soatni, kunduzgi iste’mol quvvati 10 800 MVtni tashkil qilgan.
Energetika tizimidagi elektr stansiyalari tomonidan kunlik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 243,9 mln kV/soatni tashkil etgan. Bu 2022 yilning shu kungi holatiga nisbatan 21,5 mln kVt/soat (9,6 foiz) ko‘p hisoblanadi.
Vazirlik elektr energiyasiga bo‘lgan talabning ortishini “anomal issiq” bilan bog‘lagan. Ta’kidlanishicha, issiq ob-havo elektr uzatish tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyati 25 foizgacha pasayishiga olib keladi. Bu, birinchi navbatda, tarmoqlarning fizik xususiyatlariga bog‘liq bo‘lib, bunday hollarda zarur chora sifatida tarmoqda majburiy cheklov kiritilmasa, yirik hajmdagi avariyalarga sabab bo‘lishi mumkin.
“Iste’molchilardan tarmoqda keng ko‘lamli nosozliklar yuzaga kelishining oldini oladigan, ancha uzoq vaqt tuzatishni talab qiladigan holgacha yetib bormaslik uchun qisqa muddatga elektr energiyasini uzib turishga to‘g‘ri keladigan bunday zaruriy choralar bugun o‘ta muhim ekanligini to‘g‘ri tushunishlarini va qo‘llab-quvvatlashlarini so‘raymiz.
Qat’iy tejamkorlikka amal qilib, zarurat bo‘lmagan hollarda elektr asboblaridan foydalanmaslik orqali ham barchamiz tizimda yuklamaning ortishini, avariyalar va uzilishlarning ko‘plab sodir bo‘lishini oldini olishga katta hissa qo‘shamiz”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, 2022 yilning 26 iyul sanasida mamlakat bo‘yicha havo harorati 40-43 daraja, janubda esa 45 darajagacha issiq bo‘lgan. Kecha, 26 iyul kuni esa havo harorati respublika bo‘ylab 44 darajagacha issiqni tashkil qildi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 27 iyul kuni mamlakat poytaxti Toshkent shahrining Yakkasaroy va Sergeli tumanlarida elektr energiyasi vaqtinchalik o‘chirildi. Kecha, 26 iyul kuni ham shaharning Uchtepa va Olmazor tumanlarining ayrim hududlari elektr ta’minotidan uzib qo‘yildi. 25 iyul kuni esa nosozlik natijasida Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Toshkent shahrining Sergeli hamda Yangihayot tumanlari iste’molchilari qisman elektr ta’minotidan uzilgandi.