Ertaga ham Toshkentning ayrim tumanlarida “svet“ o‘chiriladi
Jamiyat
−
25 iyul 2023
7233Ertaga, 26 iyul kuni poytaxtning bir nechta mahallalari elektr energiyasidan uzib qo‘yiladi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Toshkent shahar filiali matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, iste’molchilarga sifatli va barqaror elektr energiyasi yetkazib berilishini ta’minlash va elektr tarmoqlaridagi avariya holatlarining oldini olish, kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida quyidagi manzillarda elektr ta’minoti vaqtinchalik o‘chiriladi:
• Uchtepa tumani: “Diydor“ MFYning ayrim ko‘chalarida soat 09:00 dan 16:00 gacha;
• Olmazor tumani: “Paxta” va “Gulsaroy“ MFYlarning ayrim ko‘chalarida soat 09:00 dan 14:00 gacha.
“O‘z navbatida yuqoridagi hududlarda ta’mirlash ishlari belgilangan vaqtdan avvalroq yakunlanishi mumkinligini bildirib o‘tamiz”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Toshkent shahar filiali mazkur ta’mirlash ishlari tufayli elektr ta’minotidagi vaqtincha uzilishlar sababli yetkazilayotgan noqulayliklar uchun ushbu hududlarda yashovchi aholidan uzr so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 25 iyul kuni Toshkent shahridagi 110 kV L-K-D elektr uzatish tarmog‘ida nosozlik yuzaga kelib, buning ortidan Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Toshkent shahrining Sergeli hamda Yangihayot tumanlari iste’molchilari qisman elektr ta’minotidan uzilgan edi. Shuningdek, poytaxtning Sergeli va Yashnobod tumanlarining ayrim hududlari ham tizimli ravishda elektr ta’minoti vaqtinchalik o‘chirilgan edi.