O‘zgidromet jazirama qachongacha davom etishini ochiqladi
Bu qiziq
−
25 iyul 2022
104539Haftaning birinchi yarmida hududlarning katta qismida quruq va juda issiq ob-havo saqlanib turadi. Kunduzi havo harorati 40-43 daraja atrofida, janubda 45 darajagacha bo‘ladi. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi xabar berdi.
Faqat O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy hududlariga Kaspiy dengizidan nisbatan salqin va biroz nam havo massasi tarqaladi. Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida 25-26 iyul kunlari ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi. Havo harorati 32-37 darajagacha pasayadi.
Haftaning ikkinchi yarmida issiq ob-havo massasi O‘zbekiston hududidan chekinadi va respublika bo‘yicha harorat pasaya boshlaydi.
Hafta oxiriga kelib, nisbatan salqin havo massasi respublikaning barcha hududlarini qamrab oladi va ko‘pchilik viloyatlarda havo harorati 33-36 darajagacha pasayadi, faqat eng janubda 39-41 darajaga yetadi.
25-27 iyul kunlari shimolda, janubda va cho‘l hududlarda, 28-29 iyulda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 17-22 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlari bilan kuzatilishi mumkin.
25-28 iyul kunlari Qirg‘iziston hududidan Farg‘ona viloyatining tog‘oldi va tog‘li hududlari bo‘yicha: So‘x, Farg‘ona tumanlarida va So‘x, Shohimardon, Isfayramsoy daryolarida glyatsial (muz) sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.