Endi Mahsa Aminining amakisi ham qamaldi
Olam
−
12 fevral
5203Eron Oliy sudi Mahsa Aminining amakisini namoyishlarda qatnashgani va mamlakat Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyni haqorat qilgani uchun 5 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda "Hengaw" axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, sud dastlab 30 yoshli Safo Aelini ichki xavfsizlikka qarshi fitna uyushtirgani uchun 3,5 yil, Oyatulloh Xomanaiyni haqorat qilgani uchun 15 oy va Eron rejimiga qarshi tashviqoti uchun 7 oy 17 kunga qamoq jazosiga mahkum qilgan.
Biroq sud uning ma’lum muddat hibsda bo‘lganini inobatga olgan va barcha jazolar sarhisob qilinib, Safo Aeli besh yil-u to‘rt oy va 17 kunga qamoq jazosiga hukm qilingan.
Shuningdek, sudya ayblanuvchi jazoni qismlarga bo‘lib o‘tashi mumkinligini bildirgan. Ya’ni belgilangan muddatning bir yil ikki oyini u uch yillik tanaffus bilan o‘taydi. Biroq olingan pauza vaqtida Aeli har oy razvedka xizmatiga hisobot berishi, shuningdek, ta’lim va diniy kurslardan o‘tishi kerak bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, 2022 yilda 22 yoshli talaba qiz Mahsa Amini axloq politsiyasi tomonidan “noto‘g‘ri” majburiy ro‘mol o‘raganlikda ayblanib, hibsga olingan. 2022 yil 16 sentyabrda u hibsda vafot etgan. Uning o‘limi bir necha oylik milliy noroziliklarni keltirib chiqardi. Xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashuvlarda 500 dan ortiq odam halok bo‘ldi va 20 000 dan ortiq odam, jumladan o‘nlab advokatlar hibsga olindi. Sud hokimiyati namoyishchilarga qattiq hukmlar, jumladan, o‘lim jazosi ham chiqardi. Hozirgacha o‘nga yaqin yosh namoyishchi qatl etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mahsa Aminining oilasiga Eronni tark etish taqiqlangandi. U haqida yozgan jurnalistlar esa qamalgandi.
LiveBarchasi